Sport | 16:17 / 28.06.2016
8437
8 daqiqa o‘qiladi

Bloger mulohazasi: Botqoqda qotgan futbol

…kimniki qo‘lga o‘rgatsang, uning taqdiri uchun javobgarsan. (“Kichkina shahzoda”dan)

Odamning nimagadir qattiq o‘rganib qolishi nimadan darak beradi? Moddiyatga emas, masalan, kino ko‘rishga, musiqa eshitishga, har kecha ko‘chada sayr qilishga.

Bu unda yurak bor ekanidan dalolat beradi. Yurak urib tursagina odam nimagadir o‘rganib qoladi, usiz hayotini tasavvur qilolmaydi. O‘rganib qolgani har doimgidek bo‘lmasa, jabrlanadi. Azob chekadi.

Bir otaxonni eshitganman. U uzoq o‘lkalarda taqdir izmi bilan qolib ketadi. O‘lim farishtasi umrining poyoniga yetganini “rasmiylashtirish” uchun kelganida hadeganda joni chiqavermaydi. U yoshligidagi o‘riklar ko‘p bo‘ladigan bog‘ni qo‘msaydi. O‘rik gulining hididan mast bo‘lishni xohlaydi. Bu vaqt ayni bahor pallasi bo‘ladi va farzandlar uni o‘sha boqqa olib borishadi. Otaxon o‘rik gulining hidini tuyadi-da…

Yuqorida aytilgan “o‘rganib qolish mumkin bo‘lgan nimarsalar” qatoriga futbolni ham qo‘shsa bo‘ladi. O‘yinlarni shunchaki tomosha qilish emas, borliqni unutib, futbolning ichiga kirib ketish.

Shaxsan men uchun futbol va Angliya futboli degan tushunchalar butunlay boshqacha ma'noni anglatadi. Futbolni yaxshi ko‘rish mumkin, lekin Angliya futbolini yaxshi ko‘rganchalik emas. Hech qayerda futbolni u yerdagiday yaxshi ko‘rishmaydi. Mamlakat aholisining deyarli yarmi rejalarini premer liga o‘yinlariga qarab belgilaydi. Millionlab kishilar mavsum yakunlanganida o‘zlarini yomon his qilib qolishadi. Ular uchun futbol hayotning ajralmas bo‘lagi.

Lekin shunday futbol mamlakatlari ham borki, futbol rahbarlarga yolchimagan. Xuddi bizdagi kabi. Ularda ham bitta o‘rtoqlik o‘yinini eplab o‘tkaza olishmaydimi, deysizmi? Yo‘q, ular uchun bu ishlar muammo emas. Yana bir taxmin shundaydir: “Yoki ularda ham chempionat o‘yinlari sharmandalarcha kelishilayotganda, federatsiyadagilar ko‘zini lo‘q qilib “Bo‘lsa isbotlab beringlar” deydimi?

Yo‘q. Yagona o‘xshashlik shundaki, ularda ham, bizda ham futbol rahbarlari muxlislarning fikrlariga ochiqchasiga tupuradi. Namoyishkorona tarzda tupurishadi. Har qanday qarorga ko‘nishga majbur etib, tupiriladi.

Bunday tarkib, bunday avlod, bunday muxlislar bilan har qanday o‘rtacha darajadagi murabbiy ham kamida yarim finalga chiqardi. Imkoni yo‘q bunday jamoa bilan allaqanday, Gari Lineker ta'biri bilan aytganda “Futbolchilaridan ko‘ra vulqonlari ko‘p bo‘lgan” Islandiyaga yengilishning. Islandlardagi xohish, muxlislar ko‘magi haqidagi ertakni bas qiling, iltimos. Italiya, Germaniya kabi jamoalar “sochib tashlaydi” bunday xohish-istakka qurilgan jamoalarni. Kecha shunchaki Angliya yomon o‘ynadi, juda-juda yomon o‘ynadi. Ishonish qiyin, Dele Alli, Harri Keyn o‘rtacha darajadagi futbolchilarday ko‘rindi. Hart birinchi marta futbol o‘ynayotganday. Garov o‘ynash mumkin, kecha mana shu futbolchilar hech qanday murabbiyisiz, o‘zlari bir chekkada yig‘ilib, qanday o‘ynash kerak ekanini o‘ylab olishganda va maydonga taxminiy taktika bilan tushishganda Islandiyani yanchib tashlashar edi. Shubha yo‘q bunga. Lekin ular majbur edilar - murabbiyning tanlagan ahmoqona taktikasi asosida o‘ynashga. Sterlingning o‘yinlariga chidashga majbur edi butun Angliya.

Bu mag‘lubiyatda Hojsonni ayblashdan yiroqman. U ham o‘z ishini qildi. Murabbiy etib tayinlab qo‘yishdan keyin nima qilsin u ham. “Fulhem”da nimalar qilganini eslaysizmi? Shu sabab uning bu “proval”da hech qanday aybi yo‘q. Hamma ayb Angliya futbol ittifoqida! Ular tanlashadi murabbiyni.

Futbol o‘zgarib bormoqda, murabbiylar ham shunga qarab o‘zgarishi kerak. Hozirgi Angliyada muzaffarlik havosidan sarmast bo‘lgan yagona futbolchi – Jyeymi Vardi! Uni qanday qilib zaxirada dimiqtirib olib o‘tirish mumkin? Sterling qanaqasiga asosiy tarkibda tushmoqda? Milner nima uchun kelgan terma jamoa bilan? Reshford kecha besh daqiqa o‘ynab hammadan zo‘r bo‘ldi inglizlar safida. Uni nima uchun ikkinchi bo‘lim avvalida tushirishmadi? Butun boshli Angliyada Smollingdan boshqa himoyachi qurib qolganmi? Millionlab mana shunday savollarga hech kim javob bera olmaydi. Shukrki, mag‘lubiyatdan keyin ingliz futboli rahbarlari yoshroq murabbiy izlab qolishdi. Kech bo‘lsa ham insof bergani rost bo‘lsin. Ishqilib, Yevrodan keyin Harri Rednapp murabbiy bo‘lmasaydi, deb turibdi muxlislar.

Kechagi holatni diktaturaga o‘xshatish mumkin. Futbolchilar o‘zgacha o‘yin qilishni xohlashadi, lekin ularni majburlashadi boshqacha o‘ynashga. Inglizlar safida barcha qobiqlarni yorib chiqadigan darajadagi qat'iyatli futbolchi ko‘rinmadi. Kerak bo‘lsa murabbiyga ham tik qarab o‘yinni o‘zgartirib yuboradigan futbolchi kerak edi. Runidan shunday o‘yin kutilgandi, lekin u ham qaridi. To‘g‘risini tan olish kerak, qaribdi Runi.

Dahshat. Hammasini shunchaki oddiy tasvirlayotganimdan o‘zim ham hayronman. To‘g‘risi, kecha inglizlar butun boshli tarixga daxldor xatoga yo‘l qo‘yishdi. Ular “futbolimiz faqat bizga tegishli, xohlaganimizni qilamiz”, deb hisoblashsa, xato qilishadi. Dele Alli, Harri Keyn kabi o‘sib kelayotgan yulduzlar butun dunyodagi muxlislarning yoqimtoyi. Ularni hamma yaxshi ko‘radi. Bunday yulduzlar bunaqa mag‘lubiyatga munosib emas.

Alan Shirerning gaplari odamni biroz bo‘lsa ham yupatadi. U bosh murabbiylikni kerak bo‘lsa talab qilib olmoqchi.

Yuqorida “Kichkina shahzoda”dan parcha keltirilgan edi. Bejizga emas. Angliya futboli butun dunyodagi futbol muxlislarini o‘ziga yomon o‘rgatdi. Mahalliy muxlislarniku qo‘yavering. Butun Angliya kechagi tunni azobda o‘tkazgani aniq.

“Kechasi bilan uxlay olmadim. Ertalab uyg‘ondimda, sportzalga yugurdim. Yangi mavsumga tayyorlanish uchun”,- deydi Jon Terri. U hozir termaga qaytishga ham tayyor. Angliya futboli rasmiylari nimadir qilishi kerak. Yetar endi shuncha omadsiz musobaqalar. Oxirgi marta jamoa 1996 yilgi Yevropa chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan. O‘shandan keyin faqat guruh yoki pley-offning dastlabki bosqichlari. Qirolicha hazrati oliyalari futbol tarixida yirik turnirlarning pley-off bosqichlarida atigi bir marta g‘alabaga erishgan.

Angliya futboli jonkuyarlarining kecha qabul qilib olgan jarohatiga bitta malham bor – APL. Premer liga tezroq boshlansaydi…

Manba: Tribuna.uz

Izoh: Postning ishchi sarlavhasi - "Diktatura". Tahririyat muallif roziligi bilan sarlavhani o‘zgartirdi