Ijtimoiy so‘rovnoma: O‘zbekistonliklar ShHTga Hindiston va Pokistonning qo‘shilganini ijobiy baholashdi
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi 2016 yilning 23-24 iyun kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ekspress-so‘rov o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
So‘rov natijalari shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston fuqarolari Prezident Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkilotiga O‘zbekistonning raisligi davridagi faoliyatiga yuksak baho bergan. ShHT Davlat rahbarlari kengashining Toshkentdagi majlisi ushbu tashkilot tarixida ShHT faoliyati samaradorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida muhim kelishuvlarga erishilgan sammit sifatida alohida o‘rin egallashini ta'kidlagan.
Fuqarolarning aksariyati (91,8 foizi) sammitni kuzatdingizmi, degan savolga ha, deb javob bergan.
So‘rov xalqimiz o‘z mamlakati va eng nufuzli tashkilotlardan biriga uch marta raislik qilgan Prezidenti hamda uning xalqaro maydonda obro‘-e'tibori ortib borayotgani bilan faxrlanishini ko‘rsatdi. So‘rov ishtirokchilarining 100 foizi shunday javob bergan.
Fuqarolarimiz Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risidagi masala hal etilganini ijobiy baholaydi.
So‘rov yakunlarining ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklar sammit natijalaridan to‘la qoniqish hosil qilgan. 98,2 foiz ishtirokchining fikricha, ShHTning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisiligida o‘tgan Toshkent sammiti ShHT Davlat rahbarlariga tashkilot doirasida ko‘p tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir muhim masalalarni muhokama qilish bilan birga, boshqa mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish imkonini berdi.
O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi (92,4 foizi) sammitda ShHTni yanada mustahkamlash, unga a'zo davlatlar xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini ta'minlash, barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
So‘rovda ishtirok etgan 99,6 foiz respondentning fikricha, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 15-yubiley majlisi Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.