Samarqandda “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi
Samarqandda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Tanlovda o‘quvchi-yoshlar to‘rt shart asosida o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Bilimdon jamoalarning chiqishi soliq sohasi xodimlari hamda malakali mutaxassislardan iborat hay'at tomonidan baholab borildi.
Toshkent soliq kollejining “Zamonaviy soliqchilar” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Farg‘ona soliq kollejining “Soliqchilar” jamoasiga, uchinchi o‘rin Samarqand viloyatidagi Oqdaryo maktabgacha ta'lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining “Uchqun” jamoasiga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning Samarqand shahridagi tarixiy obida va diqqatga sazovor maskanlar, ta'lim muassasalari, sport inshootlariga sayohati uyushtirildi.