O‘qishga kiritib qo‘yish uchun pora so‘ragan shaxs daliliy ashyo ustida ushlandi
Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaro Nosir Badalov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) departamentning Sariosiyo tuman bo‘limiga murojaat qilib, Zoir ismli fuqaro “Tibbiyot kolleji rahbarlarining hammasi bilan tanishman, qizingizni o‘zim o‘qishga kiritaman” deb, 1600 AQSh dollari so‘rayotganligini bildirgan. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.
Mazkur ariza yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Zoirbek Hamidov fuqaro Nosir Badalovdan 1600 AQSh dollari olgan vaqtda ushlandi.
Tergov davomida Zoir Hamidov qarindoshi - Sariosiyo tibbiyot kolleji yotoqxonasi bosh tarbiyachisi vazifasida ishlovchi Samira Xislatova bilan 1500 AQSh dollariga kelishilganligini ma'lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.