Jamiyat | 18:36 / 01.07.2016
5108
4 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlik asiriga tushgan “do‘stlar” jinoiy javobgarlikka tortildi

Namangan shahrida tug‘ilib, katta bo‘lishgan Ulug‘bek Ilyosov, Mansur Yodgorov, Dilshod Norov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oralaridan “qil” ham o‘tmas qalin o‘rtoq bo‘lib ulg‘ayishdi. Ana shu birdamlikni ezgu maqsadlar yo‘lida ishlatishganda-ku, bu uch og‘aynining ahilligi va hamjihatliligiga hamma havas bilan qarar, o‘zaro do‘stliklari ham bardavom bo‘lardi.

Afsuski, uchala yigit ham oilali, farzandlari borligiga qaramay, biron-bir ishning etagidan tutishmadi. Ularning hech birini na oila, na ro‘zg‘or tashvishlari qiziqtirar, aksincha, yengil-yelpi hayot kechirish, kayf-safo bilan kun o‘tkazish kundalik turmush tarzlariga aylanib qolgandi. Boz ustiga, giyohvand moddalar iste'mol qilish va sotishdek jirkanch ishlar bilan ham shug‘ullanishgan ekan. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

2015 yilning oxirlarida U.Ilyosovga pul zarur bo‘lib qoladi. U do‘sti M.Yodgorovga bu haqda “yoriladi”. Agar mushkulini oson qilsa, pul evaziga giyohvand modda berishini aytadi. “Dori”ning daragini eshitib, Mansur darrov rozi bo‘ladi va Ulug‘bekka 100 ming so‘m berib, puliga yarasha undan “gashish” giyohvandlik moddasini oladi. 

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Ulug‘bekni nashaning xumori tutadi. U telefonda M.Yodgorovga nasha kerak bo‘lib qolganini bildiradi. U esa o‘zida yo‘qligi, lekin Dilshodda borligini, xohlasa so‘rab olib berishi mumkinligini aytadi. Ikki do‘st gapni bir joyga qo‘yib, D.Norovning nonvoyxonasida uchrashishga kelishadilar. Xullas, og‘aynilar uchrashishgach, Ulug‘bek 100 ming so‘mga og‘u sotib oladi. Aslida bu giyohvand vosita Mansurning o‘ziniki bo‘lib, Ulug‘bek: “Men bergan pulni qaytarmaydi”, degan o‘yda bu ishga Dilshodni aralashtirgan edi. Ammo U.Ilyosov “dori”ni “maza qilib” chekib, kaftini surishga ulgurmadi. U huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. Shu tariqa yana bir jinoyatga chek qo‘yildi.

Sud majlisida ular qing‘ir ishlaridan ming bor pushaymon ekanliklarini, “ko‘zlari endi ochilgani”, oilalari, yaqinlari oldida yuzlari shuvut bo‘lganini, oilaviy ahvollari qiyinligini aytib, yengillik berishlarini qayta-qayta so‘rashdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi sudlanuvchilar M.Yodgorov va D.Norovni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, ularning har birini besh yil muddatga, U.Ilyosovni esa 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.