O‘zbekiston | 12:13 / 01.07.2016
26100
15 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro hamkorlik: bandlik imkonlari va migratsiya jarayonlari

O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga chorak asr to‘lishi qalblarimizga ulkan quvonch baxsh etadi. Respublikamizning mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosiga aylanishi, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish sari dadil odimlari ulkan ijtimoiy-tarixiy jarayondir. Xalqimiz tomonidan istiqlol yillarida bosib o‘tilgan tarixiy yo‘l, erishilgan ulkan yutuq va marralar, ularning mohiyati va ahamiyati beqiyosdir. Bu yutuqlar davlatimizda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahbarlirgida yuritilayotgan oqilona siyosat va istiqlolni mustahkamlash yo‘lidagi xalqimizning fidokorona mehnati bilan amalga oshayotganini teran anglashimiz lozim.

Mamlakatimizda izchil tarzda davom etayotgan islohotlarning muhim tarkibiy qismi fuqarolarning mehnat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish hisoblanib, sohada davlat siyosatining asosiy tamoyillari doirasida ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Har qanday davlat taraqqiyotida ish o‘rinlari yaratish, bandlikni ta'minlash va shu tariqa aholi farovonligini oshirish asosiy omillardan biri sanaladi. Mamlakatimizda ushbu dolzarb masalaga dasturiy yondashuv asosida jiddiy e'tibor qaratilib, aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Uning maqsadi aholini ish bilan ta'minlash bo‘yicha kompleks va bir-biriga o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlarni hududlar hamda iqtisodiyot tarmoqlarining bu boradagi salohiyatini safarbar qilish yo‘li bilan ro‘yobga chiqarish, demografik va mehnat bozori omillarini hisobga olgan holda bandlikning samarali shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishdan iborat. 

Bilamizki, hukumatimiz belgilagan dastur bo‘yicha bu yil 992,7 ming nafar ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarining 511,5 ming nafar bitiruvchisi hamda xorijdan qaytayotgan 318,3 ming nafardan ortiq fuqaroni ishga joylashtirish choralari ko‘zda tutilgandi. Mazkur rejalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Mehnat vazirligi “Ish o‘rinlari tashkil tashkil etish va aholini bandligini ta'minlash” dasturining bajarilishi va bandlikning samarali shakllarini rivojlantirish borasida ish olib bormlqda. 2016 yil yanvar-aprel oylarida 193 ta tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat etgan 76,7 ming nafar fuqarolarning ishga joylashtirilishiga ko‘maklashildi. Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta'minlash markazlari orqali 42,2 ming nafar fuqarolar vaqtinchalik bir martalik ishlarga jalb qilindi. Ish qidirayotgan fuqarolar uchun maqbul keladigan ishni qidirish muddatini qisqartirish maqsadida 383 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 16,2 mingta ish beruvchilar vakillari va 78,9 ming nafar ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etishdi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra 13,0 ming nafar shaxs ishga yo‘llanma olishdi, 37,9 ming nafar faol ish qidirayotganlarga mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi. Mehnat bozorida aholining ijtimoiy muhofaza muhtoj toifalari bandligini taminlash uchun mahalliy hokimliklar bilan birgalikda band qilingan (kvota) ish o‘rinlariga 20,2 ming nafar fuqaro joylashtirildi. Ishsizlarning mehnat bozoridagi raqobatga bardoshligini kuchaytirish va ish bilan ta'minlash maqsadida 2,0 ming nafar ishsiz fuqaro tikuvchilik, to‘quvchilik, elektrik, payvandchilik, bo‘yoqchilik, suvoqchilik, kompyuter texnikasi operatori va boshqa shu kabi mehnat bozorida talab qilinayotgan kasblar bo‘yicha o‘qitildi. Korxonalar bilan hamkorlikda 1,8 ming nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan 2016 yil 5 may holatiga ko‘ra, 72,7 mingdan ortiq bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumot topshirildi va ish.Mehnat.uz saytiga joylashtirildi. 2016 yil yanvar-aprel oylarida hududlar va yo‘nalishlar kesimida 259 mingta ish o‘rni tashkil etildi.

Fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqi bo‘lgan mehnat huquqini ro‘yobga chiqarishning yana bir muhim yo‘nalishi – tashqi mehnat migratsiyasi sohasidir.  Hozirgi davrda jahonda mehnat resurslari uchun kurash keskinlashgan, yirik ishlab chiqarish kuchlari arzon va sifatli ishchi kuchi uchun dunyo mehnat bozorida raqobatlashayotgan bir paytda xalqaro mehnat migratsiyasi nihoyatda dolzarb axamiyat kasb etmoqda. Albatta bunday sharoitlarda davlatlararo migratsiya oqimlarini tartibga solish, nolegal migratsiyasi ko‘lamini pasaytirish hamda migrantlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida har bir davlat o‘z qonunchiligini takomillashtirishi, milliy idoralarini ta'sis etishi tabiiydir. O‘zbekiston Hukumati qarorlariga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolarini chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda chet ellik fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jarayonining tashkiliy-huquqiy ta'minotini Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 505-sonli Qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasida tashqi mehnat migratsiyasi masalalari faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi vakolatli idora – Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligi va Fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha Toshkent, Farg‘ona, Nukus, Buxoro, Qarshi mintaqaviy byurolari zimmasiga yuklatilgan.

Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi qoshida Chet elga ketayotgan fuqarolarni jo‘nab ketishdan oldingi moslashtirish va o‘qitish markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaz nomzodni ishga yuborilayotgan mamlakat qonunchiligi, tili, urf-odatlari, mehnat faoliyati olib boriladigan korxona yoki tashkilotlardagi texnika xavfsizligi, sanitariya-gigiyena qoidalari bilan tanishtirish, xorijdagi ish beruvchi talabiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilish masalalari bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 505-sonli qarorga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining tuzilmasi va Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.  Agentlikning asosiy vazifalariga, jumladan, mehnat migratsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet ellarda va xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratish va ruxsatnomalar berish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini ro‘yobga chiqarishda ishga joylashtirish, chet ellarda ishga joylashtirishga nomzodlar bilan dastlabki ko‘nikuv tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan ularga ko‘maklashish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi va xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyatini muvofiqlashtirib borish; fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi mintaqaviy byurolar, shuningdek Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazi faoliyatini muvofiqlashtirish; xorijiy ishchi kuchlarini yollovchi chet el firmalari (korxonalar, muassasalar, kompaniyalar) bilan hamkorlikni rivojlantirish; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy mamlakatlarga jo‘natish uchun nomzodlarni tanlab olishi bo‘yicha Idoralararo komissiyaning qarorlariga muvofiq ruxsatnomalar berish (ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish); yuridik shaxslarga xorijiy ishchi kuchlarini jalb etish uchun ruxsatnomalar berish (ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish), shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari takliflariga muvofiq hamda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlari tahlilini, aholi mehnat migratsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rtacha muddatli prognozlarini hisobga olgan holda xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatiga tasdiqnomalar berish kiradi.

Qonuniy asosda mehnat qilish chet elda ishlovchilar huquqlarini kafolatlashning muhim shartidir. O‘zbekiston xalqaro mehnat bozorining to‘laqonli a'zosi sifatida ushbu global jarayonlardan chetda qolganiyo‘q. Konstitutsiyamizda mehnat huquqi, harakatlanish erkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shu sababli fuqarolarimiz xorijga ishlash, tajriba orttirish uchun chiqishga haqlidirlar. 

Yuqorida qayd etilgan qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan mehnat migratsiyasi yo‘nalishlaridan ikkitasini shartli ravishda ko‘rsatib o‘tish mumkin. Birinchisi — bu agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma bo‘yicha xususiy mehnat shartnomasi asosida fuqarolarning xorijga chiqishi hisoblanadi. Bunda hamyurtlarimiz chet elda ish beruvchini mustaqil topadilar. 

Fuqarolar agentlikka ariza, xorijiy firmadan (ish beruvchidan) olingan davlat tiliga tarjima qilingan, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sug‘urta ko‘rsatilgan, shuningdek, mehnat vizasi bilan ta'minlash borasida ish beruvchining majburiyati nazarda tutilgan holda notarial tasdiqlangan kontrakt nusxasi, ish beruvchi to‘g‘risidagi qisqa ma'lumotlar, ma'lumotnoma, tibbiy sug‘urta topshiradi, davlat bojini to‘laydi. Agentlik hujjatlarni idoralararo komissiyaga kiritadi. Agar komissiya ijobiy qaror qabul qiladigan bo‘lsa, fuqaroga chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma beriladi. Dunyoning o‘ttizga yaqin mamlakatida fuqarolarimiz shu tariqa mehnat qilmoqdalar. So‘nggi ikki yil davomida Chexiya, Turkiya, Shveytsariya, Fransiya, BAA, Hindiston va boshqa mamlakatlarda ishlash uchun shunday ruxsatnomalar berilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasining ikkinchi yo‘nalishi – davlatlararo, hukumatlararo kelishuvlar, bitimlar orqali tashkiliy mehnat faoliyatini uyushtirishdir. 2006 yil O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda Koreya Respublikasi Mehnat vazirligi o‘rtasida Janubiy Koreyaga bandilikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha (Erkin yollash) ishchi yuborish to‘g‘risida Memorandum imzolangan bo‘lib, mazkur Memorandum har ikki yilda uzaytirilib kelinmoqda. Ushbu Memorandum doirasida 2007-2016-yillar davomida Erkin yollash tizimi bo‘yicha koreys tili testlari tashkillashtirilib, ulardan muvaffaqqiyatli o‘tgan 25543 yurtdoshimiz Koreya Respublikasida ishga joylashtirildilar. Ayni paytda bu mamlakatda 16885 O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda.

Hozirgi kunda bir necha yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Xususan, Yaponiya bilan hamkorlikni kengaytirish doirasida 2012 yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda Yaponiyaning ta'lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolangan. Agentligimiz ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini “Kunchiqar yurt”ga texnik stajirovkaga yuborishni ta'minlaydigan vakolatli organ sifatida belgilangan. Bugungi kunga qadar yaponiyalik sheriklar bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Natijada 2015 yil 26 iyunda “Chuo Sangyo Shinko” assotsiatsiyasi bilan bitim imzolandi. Unga muvofiq, respublikamizning yapon tilini biladigan va tegishli ixtisoslikka ega fuqarolari ushbu mamlakatda stajirovka o‘tashlari mumkin. Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan ko‘niktirish va o‘qitish markazining “Uno” korporatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari natijasida ishchilar chet elga borishdan oldin malakalarini yanada mustahkamlash uchun maxsus markaz tashkil qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Yaponiya korporatsiyasi bosh ofisida O‘zbekiston — Yaponiya axborot markazi ishga tushiriladi.

Agentlikning yana bir muhim sheriklaridan biri Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi. Rossiya malakali va malakasiz ishchi kuchiga talabi katta bo‘lgan, shu bilan birgalikda, fuqarolarimiz uchun tarixiy yaqinlik va til to‘sig‘ining yo‘qligi, ishga joylashish xarajatlarining ozligi sababli qulay bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatdir. Ikki davlat o‘rtasida migratsiya sohasidagi hamkorlikni tartibga solish maqsadlarida 2007 yilning 4 iyulida  “O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi mehnatkash-migrant fuqarolarning va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi mehnatkash-migrant fuqarolarining mehnat faoliyatlari va xuquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Kelishuvi imzolangan. Rossiya Federatsiyasi bilan mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishga oid hukumatlararo bitimni amalga oshirish doirasida qo‘shma ishchi guruhining bir qator uchrashuvlari o‘tkazilib, ularda ishchilarni MDHga a'zo davlatlarga tashkillashtirilgan holda jalb qilish mexanizmlari muhokama etildi. Respublikamiz fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun ularni ishga yollashni tashkillashtirish to‘g‘risida bitim loyihasi ko‘rib chiqilish bosqichida turibdi. 

Shuningdek, chet el mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida Chexiya, Polsha, O‘mon Sultonligi va boshqa davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik o‘rnatilmoqda. 
Dunyo davlatlari bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun Halqaro Migratsiya Tashkiloti, “Praga jarayoni” hamda “Budapesht jarayoni” xalqaro tuzilmalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi globallashuv davrida jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi barobarida migratsiya jarayonlari kuchayishi tabiiydir. Yurtimizning isqtisodiy o‘sishlari, beqiyos yutuqlarimiz dunyoning nazarini bizga qaratmoqda. Boshqa mamlakatlarning mutaxassislari ham O‘zbekistonga ishga kelmoqdalar. Masalan, 2015 yil davomida mehnat faoliyatini olib borish uchun jalb qilingan chet el fuqarolariga mehnat faoliyati huquqi tasdiqnomasini, ularni jalb qilayotgan korxonalarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish ruxsatnomasini berish bo‘yicha 7813 ta korxonaning tegishli ruxsatnoma va tasdiqnoma olishi bo‘yicha arizalari ko‘rib chiqildi. Xorijiy ishchi kuchini jalb qilayotgan 1469 ta korxona (ish beruvchi)ga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish ruxsatnomalari hamda 6344 nafar xorijiy fuqarolarga mehnat faoliyati huquqi tasdiqnomalari rasmiylashtirildi.

Xorijda ishlagan ishchi yangi, zamonaviy kasblarni o‘rganib, kasb malakasini oshirib yurtga qaytadi. Agentligimiz Mehnat vazirligi va tegishli bandlik xizmatlari bilan hamkorlikda xorijdan qaytgan ishchilarni ishga joylashtirish sohasida ham muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

Ulug‘bek NAZAROV,
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i.

Mavzuga oid