Xizmat vazifasini suiiste'mol qilgan maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari jinoiy javobgarlikka tortildi
Malika Atajanova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) uzoq yillar Yangiariq tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasalarining birida rahbar edi.
Uning faoliyati o‘rganilganda, mudira mansab mavqeini suiiste'mol qilib kelganligi ma'lum bo‘ldi. M.Atajanova aslida muassasada ishlamagan 10 nafar ishchi-xizmatchi uchun soxta hisobot va tabellar tuzib, ularning nomiga 53 mln.981 ming so‘m oylik ish haqi yozadi va bu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Qo‘rqmay-netmay davlatning shuncha mulkini o‘zlashtirib yuborgan mudiraga bu kamlik qildi, shekilli, endi u o‘zi bilan birga ishlab kelgan xodimlarning ham ish haqlariga ko‘z olaytira boshlaydi.
Xususan, muassasaning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirasi Sh.Do‘schanova bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, 10 nafar ishchi-xodimning jami 26 mln.587 so‘mlik ish haqlarini to‘lov vedomostlariga imzo qo‘ydirib, amalda o‘zlari olib kelishadi.
To‘lov vedomostlariga imzo chekib, amalda hammasini ololmagan xodimlar ichidan norizo bo‘lgani aniq.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tuman sudi tomonidan M.Atajanovaga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlandi.