O‘zbekiston | 19:19 / 01.07.2016
8532
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy matbuot markazida o‘tgan matbuot anjumanida shoshilinch tibbiy yordam tizimi istiqbollari xususida so‘z yuritildi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston aholisiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda. 

Bugungi kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning viloyat bo‘limlari, bir yuz yetmishdan ziyod subfiliallari, “103” tez tibbiy yordam hamda sanitar aviatsiya xizmati el salomatligini asrash yo‘lida tunu-kun uzluksiz faoliyat olib bormoqda. 

Zamonaviy tibbiy yordamni aholining barcha qatlamiga yetkazish  maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi olimlari va shifokorlari tomonidan hududlarda mahorat darslari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar jarayonida malakali tibbiy yordamga muhtoj bemorlar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Joylardagi klinikalarda  ko‘rgazmali operatsiyalar namoyish etilib, yangi diagnostika va davolash usullari hududiy tibbiyot muassasalari amaliyotiga joriy etilmoqda.

Shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining avtoparklari ham tobora yangilanmoqda. Keyingi yillarda tez tibbiy yordam muassasalari to‘rt yuzta maxsus transport bilan ta'minlandi. Bu chaqiriqlarga o‘z vaqtida yetib borish va inson salomatligini asrashning muhim omili bo‘layotir.