Fan-texnika | 19:09 / 01.07.2016
4463
2 daqiqa o‘qiladi

Spotify: Apple ilovalar markazi App Store’dan qurol sifatida foydalanmoqda

Dunyodagi yirik musiqa tinglash xizmatlaridan biri Spotify Apple kompaniyasini, ilovasining yangi talqinini App Storega joylashtirishga ruxsat bermayotganlikda aybladi. Spotify yuristlarining ta'kidlashlaricha, i-kompaniya qasddan ularning yangilangan dasturini ilovalar do‘koniga qo‘yishni istamayapti. Chunki, ular Apple Musicga raqobatchi paydo bo‘lishidan xavfsiramoqda.

"Biz chetda tura olmaymiz, chunki Apple App Store (eypl stor)ning tasdiqlash jarayonidan qurol sifatida foydalanmoqda", — deb yozgan Spotifyning bosh huquqiy maslahatchisi Orasio Guterres Appledagi hamkasbi Bryus Syuellga yo‘llagan maktubida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, i-kompaniyaning "raqobatga qarshi" siyosati "Spotify va uning mijozlariga o‘nglab bo‘lmas zarar keltirmoqda".

Ma'lum bo‘lishicha, Apple dasturning yangi talqinini "biznes model qoidasi"ga asoslangan holda rad etgan. Shu bilan birga, "Spotify yangi mijozlarni jalb etish va obuna bo‘lishlarni ko‘paytirishni xohlasa" i-kompaniyaning hisobga olish dasturidan foydalanishni shart qilgan. Ayni shu talab, musiqa dasturining sabr kosasini to‘ldirgan. 

Maktubning nusxasi Vashingtondagi Kongress a'zolariga ham yuborilgan.

2008 yili faoliyatini boshlagan Spotify, bugungi kunga kelib dunyoning 55 mamlakatida ishlamoqda. Musiqiy xizmat ko‘rsatish kompaniyasining mijozlari soni 75 million kishidan ortadi. Uning fonotekasida 30 milliondan ortiq musiqa bor.