Fojia sabab Il-76 samolyotining barcha ekipaj a'zosi halok bo‘lgani ma'lum bo‘ldi
Qutqaruvchilar Rossiya FVVga qarashli bo‘lgan va Irkutsk viloyatida halokatga uchragan Il-76 samolyotining halok bo‘lgan barcha – 10 nafar ekipaj a'zosining jasadlarini topdi.
Bu haqda FVV Sibir hududiy markazi rahbari Sergey Didenko ma'lum qilgan.
«Butun tun bo‘yi samolyot halokatga uchragan joyda olib borilgan qidiruv operatsiyasi vaqtida Il-76 ekipajining yana ikki nafar a'zosining jasadi topildi. Shu ma'noda ekipajning barcha a'zosi jasadlari topildi», — deb ma'lum qildi u.
Avvalroq halokatga uchragan samolyotning sakkiz nafar a'zosi jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng, Rossiya Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi Il-76 ning barcha ekipaj a'zolari halok bo‘lganini e'lon qildi.
Eslatib o‘tamiz: Rossiya FVVga qarashli bo‘lgan Il-76 samolyoti o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlariga jalb etilgan edi. Ammo 1 iyul kuni u bilan aloqa yo‘qolib qoldi. Qutqaruvchilar guruhi 3 iyul kuni Irkutsk viloyatining Kachug tumanida samolyot bo‘laklarini aniqlashgan edi.
© Foto: MChS