13:43 / 04.07.2016
12077

Ko‘plab odamlarni "chuv" tushirgan firibgar jazolandi

Shohrux Rahmatullayev (ism familiyalar o‘zgartirilgan) o‘tgan yilning yanvar oyida qo‘l ko‘targan navbatdagi yo‘lovchini mashinasiga oldi-da, rulni aytilgan manzil tomon burdi. Yo‘l-yo‘lakay tanishib olishdi. Ayolning ismi Durdona bo‘lib, so‘zamolgina ekan, yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketishdi. Manzilga kelgach, Sh.Rahmatullayev “Agar mashina kerak bo‘lib qolsa...”, deya unga telefon raqamini berdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda. 

Darhaqiqat, ertasiga Durdona qo‘ng‘iroq qilib, “Parkent” bozoriga olib borib kelishini so‘radi. Shohrux kelib, Durdona bilan dugonasini mindirib, aytilgan joyga olib borib qo‘ydi. Durdona biroz kutib turishini so‘rab, sherigi bilan supermarketga kirib ketdi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, ammo darak bo‘lmadi. Kutaverib charchagan Shohrux ularga qo‘l siltab, o‘z ishlari bilan ketdi. Ikki kundan keyin esa begona erkak telefon qildi va o‘zini IIB xodimi Sarvar Axrorov deb tanishtirdi-da, Durdonaning akasi ekanligi, ikki kun oldin uning mashinasida singlisiga tegishli pul, noutbuk va pasporti qolib ketganligini aytdi. Shohrux avvaliga qo‘rqib ketdi. Hatto kecha ham mashinasining salonini qo‘shib yuvgan bo‘lsa-da, yana bir karra salonni qarab chiqdi, hech narsa yo‘q. O‘zini Sarvar deb tanishtirgan kimsa agar aytilgan narsalarni tezda qaytarib bermasa, singlisi IIBga ariza bilan murojaat etishini va uni qamatib yuborishini aytib, do‘q urardi.

Xullas, oradan ko‘p vaqt o‘tmay ular uchrashishdi va Shohrux Sarvarga bo‘lib-bo‘lib 150 ming so‘mdan, jami 300 ming so‘m pul berdi. U bo‘lsa ertasiga qo‘ng‘iroq qildi-da, singlisi noutbuk uchun yana 200 AQSh dollari so‘rayotganini, yo‘qsa ariza yozib qamatishdan ham toymasligini aytib, bu pullarni ham olib ketdi. Ertasi kuni telefon qilgan Sarvar noutbukning narxi qimmat ekanligini bahona qilib, undan 50 AQSh dollari hisobidan yana 100 ming so‘mni undirdi. Sh. Rahmatullayev esa “Bo‘ldi, ulardan qutuldim”, deb xomtama bo‘lgan ekan. Durdona undan pul talab qilishni qo‘ymadi. Shohrux pulni Sarvarga berganini aytsa ham, birovdan bir tiyin ham olmaganini ta'kidlab, endi 500 AQSh dollari so‘ray boshladi.

Yemagan somsa uchun pul to‘layverish” joniga tekkan Shohrux Rahmatullayev bekorga ulardan cho‘chib yurganini, pullarni ham berib yuborgani uchun o‘zini koyib, tegishli organlarga xabar berdi. Durdona Rustamova undan 500 AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. 

Ko‘p o‘tmay bu ishda bosh-qosh bo‘lgan Sarvar Rahmatullayevning ham iziga tushildi. Ma'lum bo‘lishicha, u hech qanday IIB xodimi emas, aksincha, 1987 yilda tug‘ilgan bo‘lsa-da, asosan, firibgarlik jinoyatlari uchun 6 marta sudlanishga ulgurgan tovlamachi kimsa bo‘lib chiqdi. 

Tergovoldi surishtiruv paytida uning boshqa kirdikorlari ham fosh bo‘ldi. Masalan, Sarvar Rahmatullayev 2014 yil avgust oyining oxirida mahalladoshlari aka-uka Ravshan va Rustam Hojibekovlar bilan til biriktirib, fuqaro Jamshid Mahmudovga tegishli plastik kartochkadagi 148 mln.500 ming so‘m mablag‘ni uch soat ichida naqdlashtirib berishini va'da qiladi. Uchovlon ishonchli bo‘lishi uchun J.Mahmudovni pasportini ham olishadi-yu, ammo va'dani bajarmay, plastik kartochkadagi pullarni shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishadi.

Noyabr oyida esa S.Rahmatullayev fuqaro K.Qarshiyevga avtosalondan “Neksiya-2” avtomashinasini navbatsiz, 10 kunga olib berishni va'da qiladi va undan 1500 AQSh dollarini oladi-yu, qorasini o‘chiradi. U bu pullarni ham o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan mazkur ish ko‘rib chiqildi va aybdorlarning har biriga qonun doirasida tegishli jazo tayinlandi. Shuningdek, S.Rahmatullayevga eng kam oylik ish haqining 150 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, jarima davlat foydasiga undirilishi belgilandi.

Top