OAV: Messi Argentina termasidan ketish qarorini o‘zgartirdi
Argentinalik futbolchi Lionel Messi milliy jamoa uchun to‘p tepishni davom ettiradi. Bu haqda La Nacion gazetasi futbolchining termadagi sobiq safdoshiga tayangan holda xabar yozgan.
"U qaytadi. Messi Rossiyada bo‘ladigan JCh-2018da g‘alaba qozonmoqchi", - deydi noma'lum bo‘lib qolishni so‘ragan manba.
Nashrning yozishicha, Messi sportdan ketgani yo‘q, u shunchaki dam olmoqda. Shu bois, noyabr oyidayoq milliy terma jamoaga qaytadi. Futbolchi Jahon chempionati-2018 saralash bosqichining sentabr oyidagi Urugvay va Venesuelaga qarshi o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi, biroq Jahon chempionatining o‘zida ishtirok etadi.
Messi terma jamoasining Amerika Kubogi finalida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, termadagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan edi. U shunday qilsa, barcha uchun yaxshi bo‘lishini aytgandi.
29 yoshli futbolchi 2005 yildan beri 112 marotaba milliy jamoa safida maydonga tushib, 55ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Bu Argentina termasi uchun urilgan gollar bo‘yicha rekord natija hisoblanadi.
Messi zamonaviy futbolning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. U besh bor "Oltin to‘p" sohibi bo‘lgan.
Manba: Tribuna.uz