Toshkent shahriga keluvchilarni ro‘yxatga olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
"O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida" O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyevning buyrug‘i e'lon qilindi. Hujjat matni «Lex.uz» portaliga joylashtirilgan (pdf).
Buyruqda qayd etilishicha, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining 2012 yil 20 maydagi "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida"gi buyrug‘i o‘z kuchini yo‘qotdi.
Yangi yo‘riqnomaga ko‘ra, fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha hisobga olish ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash, aholi migratsiyasini hisobga olish maqsadida fuqaroning Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududining muayyan joyida yashashi yoki vaqtinchalik bo‘lishi faktini aniqlashni nazarda tutadi.
Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida hisobga olish fuqaroni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan 5 kundan 6 oygacha muddatga amalga oshiriladi. Bu mazkur hududlarda turar joy sotib olish, shuningdek, doimiy ishga va ijtimoiy kafolatlarga ega bo‘lish uchun asos hisoblanmaydi.
Talabalar butun o‘qish vaqtiga ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Toshkentda besh kundan kamroq turadiganlar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan fuqarolar kelgan kunidan boshlab 5 kun mobaynida o‘zi vaqtincha turgan joyidagi tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining xorijga chiqish, kelish va fuqarolarni rasmiylashtirish bo‘limiga ariza, pasport, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining yoki O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va 35x45 mm o‘lchamli 2ta fotosurat, uy-joy mulkdorlarining turar joy maydoni berishi to‘g‘risidagi arizasi, turar joy uchun hujjatlarning nusxalari va boshqa hujjatlarni topshiradi.
Hujjatlar to‘liq taqdim etilgach, fuqaroga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risidagi qayd varag‘i beriladi.
Qayd varag‘i fuqaroning turgan joyida hisobga olinganini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Ariza beruvchining pasportiga yoki uy daftariga hisobga olish to‘g‘risida belgi qo‘yilmaydi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha hisobga olingan fuqaro hisobga olingan joyida yashashi kerak.