Sport | 19:38 / 04.07.2016
3951
2 daqiqa o‘qiladi

Van Gaal Belgiya terma jamoasini boshqarishi mumkin

«Manchester Yunayted»ning sobiq bosh murabbiyi Lui van Gaal Belgiya terma jamoasini boshqarishi mumkin. Bu haqda Het Laatste Nieuws xabar tarqatdi.

Hollandiyalik mutaxassis ayni vaqtda Portugaliyada ta'tilni o‘tkazmoqda va belgiyaliklarning 2016 yilgi Yevropa chempionatidagi o‘yinlarini kuzatgan. 

Mark Vilmots shogirdlari kutilmaganda turnir chorak finalida Uelsdan 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi.

Belgiya qirolligi futbol assotsiatsiyasi Vilmotsni iste'foga chiqarishni rejalashtirgan. Unga shartnoma muddatidan oldin bir tomonlama buzilgani uchun 1 mln yevro miqdorida tovon puli to‘lanishi mumkin. Vaziyat bir hafta ichida oydinlashishi kutilmoqda.

Vilmots ketgan taqdirda uning o‘rnini egallashi mumkin nomzodlardan biri van Gaal bo‘ladi.

2009 yilda ham van Gaalga Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyligi taklif etilgan, lekin mutaxassis o‘shanda «Bavariya»da ishlashni ma'qul ko‘rgandi.

Manba: Tribuna.uz