Jahon | 18:48 / 05.07.2016
8020
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqda 170dan ortiq o‘lim jazosiga oid hukm ijrosini kutmoqda

Iroq hukumati ixtiyorida terrorizmga aloqadorlikda ayblanib, sud qilingan 170ta jinoiy ish bo‘yicha sud hukmi mavjud. Mamlakat oliy mahkamasi ularning barchasiga o‘lim jazosini tayinlagan. Biroq, hozircha, ularning hech biri ijro etilmagan, deb bayonot bergan Iroq prezidenti devoni vakili Xolid Shavaniy. 

Uning ta'kidlashicha, Iroq prezidenti Fuad Ma'sum kotibiyatida, davlat rahbari tomonidan sudning o‘lim jazosini tasdiqlamagan bironta ham jinoiy ish xulosasi mavjud emas. 

Shavaniyning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati, 170 dan ortiq o‘lim jazosini ijro etishni paysalga solmoqda. Vazirlar mahkamasi 2 yildan beri, prezident tomonidan tasdiqlangan bironta oliy jazoni ijro etmagan. 

Iroq bosh vaziri Haydar al Abadiy, 4 iyul kuni barcha o‘lim hukmlarini bajarish bo‘yicha adliya vazirligiga ko‘rsatma bergan. 

O‘sha kuni, 5 nafar jinoyatchi terrorizmda ayblanib, qatl etilgan. Iroq adliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat qamoqxonalarida, terrorizmda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan, biroq zaruriy tasdiqlashlardan o‘tmagan 3000ga yaqin mahkum saqlanmoqda.