Jamiyat | 21:07 / 05.07.2016
5534
5 daqiqa o‘qiladi

“Menga nima?”

– “Ur uni!”,  – “Yiqit!”,  – “Och biqiniga sol!”. O‘zMU qoshidagi akademik litsey hovlisida ko‘tarilgan shovqin-suron o‘quv xonalarigacha eshitildi. Dars bo‘layotganiga qaramasdan, yigitlar o‘zini  hovliga otdi. “Hay” deyishga ulgurmagan o‘qituvchi “Mayli, mushtlashganlarni ajratishadi”, deb qo‘ydi. Biroq ur-yiqitning ovozi tinavermagach, hovliga yugurdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ikki yigit yoqalashib, bir-birini ayamay uryapti. Ularning atrofini o‘rab olgan “o‘rtoqlari” esa tomoshani maza qilib kuzatayotgan yo qo‘lidagi telefon orqali “tarixiy” kadrlarni tasvirga tushirayotgan edi. 

Bu  voqeaning o‘quvchiga yangilik tarafi yo‘q. Zotan, dahanaki janjalni suratga olish ayrim yoshlar orasida urfga aylangan. Odatda bunday videoroliklar internetda tez tarqalib ketadi. Yaqindan boshlab, avtohalokat yoki boshqa fojyealarning ham videolavhalari internetda paydo bo‘la boshladi. Ularning birida jizzaxlik vatandoshimiz mashina salonida qonga belanib yotadi, “operator” esa suratga olishda davom etmoqda... Qiziq, haloqat guvohi bo‘lgan kishining xayoliga birinchi bo‘lib keladigan fikr – voqeani suratga olishmi? Yordam qo‘lini cho‘zish-chi? Kimningdir fojyeasiga bu qadar sovuqqon qarash mumkinmi? Umuman olganda, befarqlikning chegarasi bormi?    

G‘arbda kishining kishiga befarqligiga xotirjam qaraladi. Sharqona mentalitet esa buni xazm qilolmaydi. Qulog‘ida “naushnik”, ko‘zi telefon ekraniga qadalgan holda odamlar orasida  avtonom yashash –  Sharqona turmush tarzi va falsafasiga ziddir. Katta avlod vakillari ko‘pincha yoshlarning jamiyatga begonalashib ketgani, oddiygina hamdardlik hisini unutib qo‘ygani haqida achinib  gapirishadi. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Bugunning yoshlari loqaydlashib ketgan bo‘lsa, kechaning odamlari qanday edi? 

–    Xalqimiz  azaldan jamoaviylikning tarafdori bo‘lgan,  – deydi 75 yoshli toshkentlik Raximjon ota Sotvoldiyev, –  Aytaylik, uy-joyini ta'mirlamoqchi bo‘ladimi, to‘y-hashamga tayyorgarlik ko‘radimi – bu ishlarni qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y bir yoqadan bosh chiqarib qilgan. Keyinchalik bu odat hashar degan xalqona nomni olgan.  Odamlar do‘st-yori hasharga aytib kelganida, buni ortiqcha tashvish emas, jamoa oldidagi burchi deb bilgan. Bugun esa faqat o‘z manfaatini qo‘zlab yashaydigan odamlar qo‘payib ketganday. Vaholanki, xalqimiz orasida birovning ko‘ngliini olish, kimningdir mushkulini oson qilish qadriyat sanalgan. 

Xo‘sh, qadriyatlar o‘zgardimi? Odamlar-chi? Bugun ko‘pchilik o‘zining shaxsiy sifatlari qatorida “birovning ishiga aralashmaslik”ni ham keltiradi. Shuningdek, jamoatchilikning fikriga qiziqmaslik ham urf bo‘lgan “fazilatlar”dan biridir. Biror voqeaga nisbatan beparvoligini  esa “neytral munosabat”da ekanligi bilan izohlashadi. Aslida neytral bo‘lish va befarq bo‘lish umuman boshqa-boshqa tushunchalardir. Neytralitet  bu biror mojaroda hech qaysi tarafning yonini olmaslik demakdir. Bundan farqli ravishda befarqlik muayyan holatlarga nisbatan alohida munosabat bo‘lmay, kishining doimiy psixologik o‘ziga xosligidir. Rus yozuvchisi Anton Pavlovich Chexov beparvolik so‘ziga nihoyatda esda qolarli ta'rif bergan: “Beparvolik – qalb falaji, uning erta o‘limidir”. Shu ma'noda, adib befarqlikni kishining ma'naviy o‘limiga qiyoslagan. Shuningdek, bu qarashni dunyo dinlarining aksariyatida uchratish mumkin. Masalan, nasroniylarning “Injil” kitobida “loqayd kishi” o‘rnida “o‘lik” so‘zi qo‘llangan. Faylasuflar ana shu qalbi o‘lik,  atrofida yuz berayotgan voqelarga loqayd qishilardan ehtiyot bo‘lishga chaqirishgan.  Zotan, Sharqda bir hikmat bor: “Dushmanlaringdan qo‘rqma – nari borsa ular seni  o‘ldirishlari mumkin. Do‘stlaringdan qo‘rqma – nari borsa ular senga sotqinlik qilishlari mumkin. Befarqlardan qo‘rq – ular o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, biroq ularning sukut va roziligi bilan dunyoda sotqinlik va qotillik yuz beradi”.   

Mohlaroyim QAYuMOVA

Mavzuga oid