16:15 / 06.07.2016
12021

Ellikqal'alik fermer tuyaqushlarni ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ydi

Yurtimizda fermer va dexqon xo‘jaliklari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, mahsulot hajmini ko‘paytirish, sifatini yaxshilash hamda bozorlarda raqobatni kuchaytirish bilan bog‘liq bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumanidagi “Nurummat Qurbanov” nomli parrandachilik fermer xo‘jaligi tomonidan har oyda 30 ming boshdan ortiq broyler tovuq jo‘jalari boqilishi va 40-45 tonna parxez tovuq go‘shti yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan, ya'ni, bir yilda 480 tonna go‘sht mahsuloti yetishtirilmoqda. Fermer xo‘jaligida o‘tgan vaqt davomida 30 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ushbu fermer xo‘jaligi tomonidan har yili 300-350 ming bosh tovuq jo‘jalari yetishtirilib, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga, aholiga va qo‘shni tumanlar aholisiga arzon narxlarda yetkazib beriladi. Bundan tashqari tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xomiylik sifatida go‘sht maxsulotlari bilan ta'minlashda katta hissa qo‘shib kelmoqda.
“Nurummat Qurbanov” parrandachilik fermer xo‘jaligi faoliyatini kengaytirish maqsadida o‘tgan yili mazkur fermer xo‘jalik qoshida  broyler tovuq jo‘jalarini yetishtirishga mo‘ljallangan “Bo`ston chikken” broyler sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur sexda ham 15 ming boshdan ortiq parrandalar boqilib, sifatli parxez go‘sht mahxsulotlari yetishtirib berilmoqda.
 Yaqinda Mammatsharif Qurbonov rahbarlik qilayotgan ushbu fermer xo‘jalik tomonidan yana bir loyihaga qo‘l uruldi. Parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida “Nurrummat Qurbanov” fermer xo‘jaligi ta'sischiligida tashkil qilingan “Bo‘ston Straus” fermer xo‘jaligida tabiiy sharoitda Afrika qit'asiga mansub bo‘lgan 10 boshdan ortiq tuyaqushlari olib kelindi. Bu qushlarning og‘irligi o‘rtacha 80-120 kilogramm vaznga ega. Joriy yilda strauslar sonini 100 boshdan oshirish, bedana va qirg‘ovul kabi mahalliy qushlarni ko‘paytirish ham rejalashtirilgan. Bugungi kunda tuyaqushlarni bizning iqlimga moslashtirgan holda, oziq-ovqat maxsuloti yetishtirishda samarali foydalanish ilojlari ko‘rilmoqda. 
Ko‘p tarmoqli mazkur fermer xo‘jaligi tomonidan joriy yilda 16 gektar g‘alladan 112 tonna g‘alla yetishtirildi. 50 gektarda paxta ekilib, mavsumiy agrotexnik tadirlar sifatli tashkil qilingan. 
Shuningdek, fermer xo‘jaligi qoshida 70 bosh qoramol, 120 bosh qo‘y, 150 boshdan ortiq kurka hamda suniy baliq ko‘paytirish xavzasi mavjud.
Mustaqilligimizga 25 yil to‘lishi arafasida bu kabi  ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari sonining tumanda 250 dan ortib borayotganligi quvonarli hol.
 

Top