Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda namunaviy loyihalar asosida 1 ming 139 uy qad rostlamoqda
Andijon viloyatida joriy yilda 27 massivda namunaviy loyihalar asosida 1 ming 139 uy qad rostlamoqda. Ushbu zamonaviy massivlarda joriy yil dasturiga asosan 39,1 kilometr ichimlik suvi, 27,1 kilometr elektr energiyasi, 35,7 kilometr gaz tarmoqlari va 24,4 kilometr yo‘l qurilishi belgilangan. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Qishlog‘imiz hududida o‘tgan yillar davomida namunaviy loyihalar asosida 100 uy qurilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 47 yangi uy barpo etilmoqda. Bu uylar qishlog‘imizga zamonaviy qiyofa bag‘ishlash bilan birga, odamlarning ongu tafakkurini, hayotga, mehnatga munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda, farovonligini yuksaltirmoqda, – deydi Andijon tumani “Xakan” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi O‘tkir Yo‘ldoshev.
Yangi uylar tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta'minlangan, alohida kanalizatsiya qudug‘i hamda isitish tizimiga ega. Ko‘chalari keng, yo‘l chetlariga mevali va manzarali daraxtlar ekilgan, uylarga kirish yo‘lakchalariga maxsus plitalar yotqizilgan.