Sport | 17:19 / 07.07.2016
3973
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada kelishilgan o‘yinlar tashkil qilishda gumonlangan 7 kishi qo‘lga olindi

Braziliya politsiyasi kelishilgan o‘yinlar tashkil etishda gumon qilingan jinoiy guruhni qo‘lga oldi. Bu haqda Globo telekanali xabar tarqatdi.

Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, futbol uchrashuvlari natijalariga aloqador firibgarlikda gumon qilingan yetti kishi ayni vaqtda hibsda. Ular hududiy doiradagi quyi divizionlarda kelishilgan uchrashuvlarni tashkil etish bilan shug‘ullangan. Ular o‘yinni sotishga rozi bo‘lgan murabbiylar va futbolchilarga pul to‘lab kelishgan. Bu shaxslar Xitoy, Malayziya va Indoneziyadan o‘yinlar natijalari uchun internet orqali stavkalar qabul qilishgan.

Huquq tartibot organlari xodimlari bu guruhni qo‘lga olish uchun boshlangan tadbirni "Game over" ("O‘yin tugadi". -tahr. Tribuna.uz) deb atashgan.

Hozircha qo‘lga olinganlardan faqat birining nomi oshkor qilingan. U "Amerika di Riu-Pretu" klubining 33-yoshli sobiq darvozaboni Karlos Enrike Franko Luna. Hozircha jarayonga aloqador batafsil ma'lumotlar berilmagan.

Manba: Tribuna.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish