Sport | 20:00 / 07.07.2016
9251
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya-Germaniya: «Xo‘roz» uyida qichqiradimi?!

Bugun Yevropa chempionatining ikkinchi finalchisi aniqlanadi. Marselda Toshkent vaqti bilan soat 23:55da Fransiya hamda Germaniya terma jamoalari final yo‘llanmasi uchun maydonga tushishadi. O‘yinni italiyalik Nikolo Ritstsolli boshqarib boradi.

Fransiya terma jamoasi laqablaridan biri «Xo‘rozlar» hisoblanadi. Bir necha soatlardan keyin fransuzlar o‘z maydonlarida kechayotgan turnirda o‘zlarini qay darajada mezbon sifatida tutishi, ya'ni qanday «qichqirishi»ni kuzatamiz. Qayd etish kerakki, bugungi uchrashuvda mezbonlar tarkibidagi yetakchi futbolchilar Olive Jiru va Loran Koselni Germaniya terma jamoasi yetakchilaridan biri, «Arsenal» klubidagi jamoadoshlari Mesut O‘zilga qarshi o‘ynadi.

Germaniya musobaqani «C» guruhida boshladi. Ukraina va Shimoliy Irlandiyani mag‘lub etgan nemislar Polsha bilan durang o‘ynashdi. Shu tariqa guruhda birinchi o‘rinni olgan Germaniya 1/8 finalda Slovakiyaga to‘qnash keldi va 3:0 hisobida zafar quchdi.

Chorak finalda Germaniya jiddiy to‘siqqa uchradi. Italiya bilan o‘yinning asosiy vaqti va qo‘shimcha bo‘limlarida durang natija qayd etildi. Faqat penaltilar seriyasidagina nemislarga omad kulib boqdi. Shu tariqa, jahon chempionlari yarim finalgacha yetib kelishdi.

Mezbon Fransiya terma jamoasi «A» guruhidan joy oldi. Albaniya va Ruminiyani mag‘lub etgan fransuzlar Shveytsariya bilan durang o‘ynashdi. Guruhda birinchi o‘rinni egallagan Desham shogirdlari 1/8 finalda Irlandiyaga to‘qnash keldi. Kutilmaganda bu o‘yinda irlandlar mezbonlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va Fransiya katta qiyinchlik bilan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Chorak finalda esa musobaqa kashfiyoti Islandiya Fransiyaga qarshilik qila olmadi. Mezbonlar 5:2 hisobida raqibni taslim etishdi.

 TRIBUNA.UZ sayti ushbu uchrashuvdan matnli translyatsiya uyushtiradi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish