Jamiyat | 15:49 / 07.07.2016
6362
5 daqiqa o‘qiladi

Gruzin polifonik qo‘shiqlari – insoniyat madaniy merosining nodir durdonasi

YuNeSKO tomonidan 2001 yildan beri insoniyatning nomoddiy merosi va og‘zaki ijodi durdona sifatida e'lon qilinib kelinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nomoddiy madaniy merosga e'tiborni qaratish va mazkur merosni muhofaza qilish hamda kelajak avlodga bekami ko‘st yetkazishdan iboratdir.

2001 yilda YuNeSKO davlatlar va nohukumat tashkilotlari o‘rtasida mazkur masalaga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi va 2003 yilda Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishga bag‘ishlangan Konventsiya qabul qilindi. Shu kunga qadar 88 mamlakatning ajdodlardan avlodlarga asrlar osha o‘tib kelayotgan 300 ta durdonasi – urf-odat, an'ana, bayram, taom, xalq og‘zaki ijodi, qo‘shiq, raqslari Insoniyatning nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Jumladan, o‘zbeklarning Katta Ashulasi (2009), Navro‘z (2009), “Shoshmaqom” (2003, 2008), Boysun madaniyati (2001, 2008) bu ro‘yxatga kiritilganligini eslatib o‘tish kerak.

Yevropa va Osiyo madaniyatlari chorrahasidagi Gruziyaning noyob polifonik (ko‘p ma'noli) qo‘shiqlari ham 2001 yilda YuNeSKO Nomoddiy madaniyat merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Tarixchilarning so‘zlariga tayanib (boshqa xalqlarining san'atlarini kamsitmagan holda) shuni ta'kidlash kerakki, jahoning biror bir nuqtasida gruzinlarning xor qo‘shiqlariga o‘xshash san'at saqlanib qolinmagan. Gruzin polifonik qo‘shiqlari musiqa kashf qilingan davrdan beri ijro etilib kelinadi. Asosan, erkaklar jamoasi (ayrim hollardagina ayollar jo‘r bo‘ladi) ijro etiladigan polifonik qo‘shiqlar bugungi kunda ham gruzin jamiyatining ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda. Bundan gruzinlar faxr tuyg‘usini his qilishadi.

Gruzin xalq musiqasi G‘arbiy Yevropa madaniyatidan avval paydo bo‘lgani ta'kidlanar ekan, 1500 yillik tarixga egaligi aytib kelinadi. Gruziyada, asosan, erkaklar kuylaydi. Qo‘shiqlar uch ovozda ijro etiladi. “Bu qo‘shiqlar tana va ruhni o‘zaro bir-biri bilan bog‘laydi”, deyishadi gruzinlar. Gruziyada qo‘shiqlarning ikki - sharqiy Gruziya va g‘arbiy Gruziya turi mavjud. Gruziyada musiqa va xalq qo‘shiqlari xuddi cherkov musiqasi singari asrlar osha avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Bu qo‘shiqlar Gruziya ijtimoiy hayotida - bayram va tantanalarda munosib o‘rin egallab keladi. O‘zida go‘zallikni, qudratni aks ettiradigan gruzin xor qo‘shiqlari haqiqiy sanat asari ekani tan olingan.

Tahlilchilar Gruziya polifonik musiqa markazlaridan biri bo‘lganini aytishadi. Gruzin xalqi qadimdan qo‘shiqchilik san'atida o‘zini ko‘rsata olgan. Eramizdan avvalgi 8-4 asrlarga oid mehnat, harbiy va xor qo‘shiqlari haqida yozilgan tarixiy hujjatlar saqlanib qolingan. Eramizdan avvalgi to‘rtinchi asrda yashab o‘tgan tarixchi Ksenofont o‘z asarlarida zamonaviy Gruziyaning janubiy-g‘arbida istiqomat qiluvchi xalqlar haqida yozar ekan, “ular o‘z dushmanlariga qarshi jangga qo‘shiq kuylab kiradilar”, deb ma'lumot beradi. Geograf Strabon (eramizdan avvalgi I asrda) odamlar bayramlarda xor qo‘shiqlarini kuylashi xaqida yozib qoldirgan.  Bu qo‘shiqlarni ijro etuvchi - mestvirelar bir vaqtning o‘zida ham xonanda, ham bastakor, ham shoir bo‘lishgan.

1976 yili AQShning NASA fazoviy agentligi koinotga “Vóyadjyer” zondini yubordi. Apparatda sayyoramizda istiqomat qiluvchi xalqlarning eng sara  musiqalari yozilgan oltin plastinka xam bor edi. O‘shanda boshqa kuy va qo‘shiqlar orasida gruzinlarning “Chakrulo” qo‘shig‘i xam fazoga jo‘natildi.

Kimda kim o‘zi uchun  gruzin polifonik qo‘shiqlari eshiklarini ochar ekan, bu qo‘shiqlardan huzurlanadi, orom oladi. Aynan polifonik musiqa gruzinlar tabiatini aks ettirgan. Bu san'atning shu kunga qadar saqlanib, yetib kelishining sabablaridan biri gruzinlarning o‘z tarixlariga sodiqligidadir.

Endilikda gruzin qo‘shiqlari nafaqat bir millatning, balki butun insoniyatning durdonasi va qadriyatiga aylangan.

 

Sharofiddin To‘laganov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish