21:54 / 07.07.2016
6618

Ilon Mask Tesla’ga qarshi fitna qurboni bo‘ldimi?

Tesla prezidenti Ilon Mask uning kompaniyasiga Amerikaning yirik OAV ishtirokida keng qamrovli fitna uyushtirilganini ta'kidladi. Bu haqida Hi News xabar qildi

Kompaniyaning rasmiy matbuot reliziga ko‘ra, yovuz niyatli jurnalistlar Tesla aksiyalarining bahosiga ta'sir o‘tkazish uchun kompaniya mahsulotini maqsadli ravishda qoralagan. 

Iyun oyida The Daily Kanban nashri kompaniya siyosatini fosh qiluvchi maqola chop etgan. Unga ko‘ra, Tesla o‘z mijozlarini avtomobillaridagi nosozliklar haqida gapirmaslikka undaydi. Elektromobilning har bir xaridori uni qo‘lga kiritish vaqtida avtomobildagi texnik nosozliklarga doir ma'lumotlarni tashqariga chiqarmaslik to‘g‘risidagi bitimni imzolashi kerak. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh harakat xavfsizligi milliy boshqarmasi bu ish yuzasidan tekshiruv olib borgan. Tesla vakillari bunday ayblovlarni rad etib, hech bir mijoz bunday bitimni imzolamagani haqida rasman xabar qilishdi. Ular The Daily Kanban jurnalisti Edvard Nidermayyer kompaniyaga doim salbiy munosabatda bo‘lishi va uning yopilishiga kun sanashini bildirishdi.

Yaqinda sodir bo‘lgan elektromobil avariyasi bu voqealar atrofidagi gap-so‘zlarni yanada bolalatdi. Aksariyat ommaviy axborot vositalari Ilon Mask va uning kompaniyasiga tashlanishdi. Mask o‘zining Twitter’ida u va uning kompaniyasi atayin uyushtirilgan fitnaning qurboni bo‘lganligini ta'kidladi. 

Maskning taxminlari asosli: Tesla’ga qarshi haqiqatda fitna uyushtirilgan bo‘lishi mumkin, uning boshida esa elektromobillarga o‘tishga qattiq qarshilik qilgan milliarderlar aka-uka Devid va Charlz Koxlar turgan bo‘lsa ajab emas. Ularning neftni qayta ishlash bilan shug‘ullanishini hisobga olsak, tabiiy yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirish Koxlarni qoniqtirmaydi, albatta. Shunday ekan, Ilon Maskning kompaniyasidan qutulish uchun bir necha million sarflash ular uchun hech gap emas. 
 

Top