Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Messi Ispaniyani tark etadimi?
Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi va uning otasi Xorxe Orasio soliq to‘lashdan bosh tortishgani uchun 21 oylik qamoq jazosiga hukm qilinishdi. Bundan tashqari ular 3,5 million yevro jarima puli to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ayblanuvchilar chiqarilgan qaror yuzasidan Oliy sudga shikoyat arizasi topshirishdi. Ehtimol, futbolchi panjara ortida o‘tirmas, ammo u klubdan ketishi mumkin.
Messi va uning otasi Ispaniya g‘aznasiga 4,1 million yevro miqdorida ziyon yetkazib, uch tomonlama aybdor deb topildi. Shuningdek 2007 yildan 2009 yilgacha bo‘lgan muddatda reklama shartnomalaridan tushgan daromadlardan soliqlar to‘lanmaganligi ham qo‘shimcha qilindi.
Jumladan, sud Messining Banco Sabadell, Danone, Adidas, PepsiCo, Procter & Gamble va Kuwait Food kompaniyalari bilan tuzgan shartnomalarini tekshirib chiqqan, bu kompaniyalar reklamasidan 10 million yevrodan ortiq daromad qo‘lga kiritilgan va bu ma'lumotlar hukumatdan egri yo‘llar bilan yashirilgan.
Sud majlisi davomida 29 yoshli futbol yulduzi o‘zining moliyaviy ishlariga chuqur yondashmaganligini yana bir bor ta'kidladi. “Men futbol o‘ynash bilan band bo‘lganman, shu bois bu borada hech narsadan xabarim bo‘lmagan”, - dedi Messi. Biroq hukumat uning dalillarini ishonchli deb topmadi.

Dastlab prokuratura faqat Messining otasini jazolashni so‘radi, (zero futbolchining moliyaviy ishlari bilan uning otasi shug‘ullangan), agar shunday bo‘lgan taqdirda u 1,5 yilga ozodlikdan mahrum etilar edi. Biroq davlatning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat futbolchi otasi bilan birdek javobgar ekanligini aytib, ularga 22 oylik qamoq jazosi berilishini talab qildi. Oxir-oqibat sud uning taklifini ma'qulladi va jazoni bir oyga qisqartirdi hamda Messini 2 million yevro, otasini esa 1,5 million yevro jarima puli to‘lashga mahkum etdi.
Ota-o‘g‘il chiqarilgan hukm ustidan shikoyat arizasi topshirishdi. Advokatlarning fikricha, “ularning himoya uchun yetarli asosi bor”. Futbolchini uning klubi a'zolari ham faol qo‘llab-quvvatlashdi.
Yakuniy hukm qanday bo‘lishiga qaramay, Messi ham, uning otasi ham panjara ortida o‘tirmaydi. Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, agar belgilangan jazo muddati ikki yildan oshmasa, ayblanuvchi jazoni qamoqda o‘tashga majbur emas. Shu bois bu vaziyatda hukm shartli hisoblanadi.
“Ko‘plab mashhur sportchilar bunday vaziyatga tushishgan. Ularning ham soliq xizmati bilan muammolari bo‘lgan, lekin hammasi ma'muriy yo‘l bilan hal qilinib kelingan. Masalan, Iker Kasilyas yoki Xavi, hattoki Rafael Nadal. Messi – bunday muammolarga qo‘shimcha ravishda sudda ishi ko‘rilgan va qamalish ehtimoli bo‘lgan yagona sportchi. Uning Ispaniyadan juda jahli chiqqan”, - deya xabar qildi Messiga yaqin manba.
2014 yilning may oyida argentinalik futbolchi klub bilan navbatdagi 4 yillik shartnomani imzolagan, unga ko‘ra, Messi “Barselona”da yiliga 20 million yevro maosh oladi. Bu faqat futbol o‘yini orqasidan keladigan daromadlar, xolos. Besh karra “Oltin to‘p” sohibi bunday mojarolardan keyin shartnomani oxiriga yetkazarmikan?

Britaniya ommaviy axborot vositalarining ma'lumotiga ko‘ra, hukm o‘qilganidan bir necha soat o‘tib, Xorxe Messi Angliyaning “Chelsi” jamoasi sohibi Roman Abramovich bilan uchrashgan. Ta'kidlanishicha, Messining otasi biznesmenga uning o‘g‘li yaqin kunlarda Ispaniyani tark etishi mumkinligi haqida xabar qilgan.