16:12 / 07.07.2016
18942

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda kuydirgi kasalligi tarqalishi bo‘yicha hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini ma'lum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish xalqaro tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda bir qator  xavfli yuqumli kasalliklar, xususan, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bo‘yicha vaziyat murakkab bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyev ma'lumotlari asosida, “O‘zA” xabar bermoqda.

Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va tibbiyot muassasalari, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya sohasi mutaxassislari, jamoat tuzilmalari ishtirokida profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar rejasi qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Bu jarayonda joylardagi sanitariya nazorati, veterinariya punktlari faoliyatini yanada takomillashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari sifatini qat'iy nazoratga olishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar natijasida kuydirgi kasalligi va boshqa xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi tabiiy o‘choqlar ustidan doimiy laboratoriya monitoringi yuritilmoqda.

Olimlar va mutaxassislar arbovirusli infeksiyalarning etiologiyasi, epidemiologiyasi, epizootologiyasini o‘rganish yuzasidan ilmiy izlanish olib bormoqda.

Aytish joizki, kuydirgi va Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi qo‘zg‘atuvchilarining asosiy manbalari chorva mollari hisoblanadi. Shu bois chorva mollarini o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish, yuqumli kasalliklarga qarshi emlash yo‘lga qo‘yilgan. Mol so‘yiladigan zamonaviy kushxonalar, maydonchalar barpo etilib, ular zarur vositalar bilan jihozlangan.   

Bunday kasalliklar odamlarga yuqqanda, yashirin davri bir necha kungacha davom etadi. Kuydirgida badanda yara paydo bo‘ladi. Qrim-Kongo gemorragik isitmasida harorat ko‘tarilib, badanga toshmalar toshadi, zaharlanish alomatlari namoyon bo‘ladi, qon ketadi. Bunday holatlarda zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur. Uyda o‘zi bilganicha davolanish og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shifoxonalarda bunday xastaliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolash uchun barcha sharoit yaratilgan.   
     
Bunday muammolar kelib chiqishining oldini olish har bir insondan tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga e'tiborli bo‘lishni talab etadi. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘la rioya etish lozim. Uylarda qoramol boqishda molxonalarni toza tutish, go‘ng va boshqa chiqindilarning yig‘ilib qolishi oqibatida turli infeksiyalarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda dezinfeksiya, dezinseksiya tadbirlarini o‘tkazish, hayvonlarni yiliga bir marotaba kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlatish, hayvonlarda biror-bir kasallik alomatlari kuzatilganda darhol  hududiy  veterinariya xizmatiga murojaat etish darkor.

Top