21:28 / 07.07.2016
5324

Respublika maslahat-tashxis poliklinikasi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi

Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining maslahat-tashxis poliklinikasi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

O‘z yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi davolash-profilaktika va ilm-fan muassasalaridan biri bo‘lgan mazkur markazda zamonaviy texnologiyalar vositasida ichki a'zolar kasalliklari erta bosqichda aniqlanmoqda. 

Elektroneyromiografiya jahon tibbiyotidagi eng yangi samarali usullardan biri. Asab tizimlari kasalliklarini barvaqt aniqlash imkonini beruvchi ushbu zamonaviy usul mazkur maslahat-tashxis poliklinikasida ham joriy etildi, bu borada qo‘llaniladigan yangi texnologiya – elektromiograf apparati bilan jihozlandi. Mutaxassislar ushbu texnologiyadan foydalanish bo‘yicha taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlarda malaka oshirdi. Mazkur texnologiyadan nafaqat nevrologiya, balki endokrinologiya, revmatologiya, kardiologiya, travmatologiya va ortopediya yo‘nalishlaridagi kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlashda unumli foydalanilmoqda. 

Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning yangicha usullari o‘zlashtirildi. Koronor arteriyalar angioplastikasi va stentlash amaliyoti bunga misoldir. Shunday operatsiyalarni o‘tkazish maqsadida bu yerda interventsion kardiologiya bo‘limi tashkil etildi. Operatsiya xonalari yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 

Hozirgi kunda davlat granti bo‘yicha o‘nga yaqin ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ular yurak-qon tomir, o‘pka, nafas yo‘llari, suyak-bo‘g‘im, oshqozon-ichak kasalliklarini barvaqt aniqlash, tibbiy reabilitatsiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Markazda rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari davom etmoqda. Fizioterapiya va balneologiya bo‘limlari zamonaviy andozalar asosida ta'mirlanmoqda. Bunday ishlar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshiradi.

Top