Jahon | 14:46 / 08.07.2016
5206
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya Afg‘onistondagi harbiy missiyasini uzaytirdi

Avstraliya Afg‘onistondagi missiyasini 2017 yilning o‘rtalariga qadar uzaytirdi. Bu haqida NEWS.com.au nashri ma'lum qildi. 

“Avstraliya Mudofaa kuchlari qolgan 39 mamlakatdan kelgan hamkasblari bilan ishlashda davom etishadi”, - dedi Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull va bu missiyaning jangovar hisoblanmasligini ta'kidladi. Afg‘onistondagi mazkur harbiy missiya kelgusida yanada uzoq muddatga cho‘zilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. 

Avstraliya Afg‘onistondagi jangovor operatsiyalarini 2013 yilning oxirida yakunlagan, taxminan 270 nafar avstraliyalik harbiylar mamlakatda “Ishonchli qo‘llab-quvvatlash” afg‘on qurolli kuchlariga ta'lim va yordam berish missiyasida qatnashish uchun qolishgan. Ularning bu missiyasi 2016 yilning oxirida tugallanishi kerak edi.

Ternbullning ma'lum qilishicha, Avstraliya 2020 yilga qadar Afg‘oniston politsiyasi va milliy armiyasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, moliyaviy ko‘mak yiliga 100 million dollarni tashkil qiladi. 

 “Afg‘oniston aholisini “Tolibon” va boshqa terrorchi guruhlardan himoya qilish uchun afg‘on xavfsizlik kuchlari imkoniyatlarini oshirishni davom ettirish juda muhim”, - deya ta'kidladi Ternbull.