Dallasdagi norozilik namoyishlarida 4 nafar politsiyachi otib o‘ldirildi
AQShning Dallas shahrida politsiyachilar tomonidan afroamerikaliklarning o‘ldirilishiga qarshi o‘tayotgan norozilik namoyishlarida politsiyaning 4 nafar xodimi snayper miltig‘idan otib o‘ldirildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Guvohlarning aytishicha, 6 tadan 8 tagacha o‘q uzilgan.
Mahalliy politsiya boshlig‘i Devid Braun hammasi bo‘lib 10 kishi jabrlanganini va o‘q uzganlar ikki kishi bo‘lganini aytgan.
Ta'kidlanishicha, norozilik namoyishlari yaqinda Minnesota va Luiziana shtatlarida politsiyachilar tomonidan ikki nafar qora tanli fuqaroning o‘ldirilishi sababli butun mamlakat bo‘ylab o‘tmoqda.
Avvalroq AQSh adliya vazirligi politsiyachilar tomonidan Luiziana shtatidagi Baton-Ruj shahrida qora tanli erkakning o‘ldirilishini tergov qilishi ma'lum qilingandi. Minnesotada esa politsiya zobiti qora tanli erkakni avtomobilni tekshirish uchun to‘xtatgandan keyin otib tashlagan.
O‘z navbatida AQSh prezidenti Barak Obama amerikalik politsiyachilar qora tanlilarni oq tanlilarga qaraganda 2 marotaba ko‘proq o‘ldirishlarini aytgan.
Foto:AP