Jamiyat | 13:58 / 09.07.2016
20925
7 daqiqa o‘qiladi

Biz bilmagan Korovai qabilasi

Korovai (korowai) yoki kolufo qabilasi Indoneziyaning Papua Yangi Gvineya viloyatida istiqomat qiladi. Aholi soni taxminan 3 ming kishidan iborat. 70-yillarga qadar ularning borligi fanga ma'lum emas edi.

Ekspertlarning fikricha, qabilaning oz sonli qismigina o‘qish va yozishni biladi. Ayrim olimlar ularni odamxo‘r deyishgacha borishdi. Ammo bu fikrlar hozirgacha o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q. Bir narsa aniq, ular yerdan 12-50 metr balandlikda – o‘shanda ham daraxtlarga uy qurishadi. Bunga o‘zlarini yovuz ruhlardan, o‘zga qabila va yirtqich xayvonlarning hujumlaridan himoya qilish asosiy maqsad sifatida ko‘riladi. Shu sababli ham bu qabila a'zolarini daraxtlarda yashovchilar, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Bundan yarim asrlar muqaddam korovai qabilasi yer yuzida o‘zlaridan boshqa xalqlar istiqomat qilishini xayollariga ham keltirishmagan bo‘lsa ajabmas. Shu sababli ham o‘z hududlariga kelgan “yot kishi”larni noxushlik bilan kutib olishdi va hatto ularni yo‘q qilishgacha borib yetishdi. To‘g‘rirog‘i, ular zamonaviy dunyo bilan muloqot qilishdan o‘zlarini olib qochishdi. Daraxtlarda istiqomat qiluvchi bu xalq chaqirilmagan mehmonlarni  yoqtirmagani aniq.

Papua Yangi Gvineyada yashovchi qabilalar turmush tarzini to‘g‘ri anglashimiz kerak. Ular bizning tassavurimizdan mutlaqo boshqacha turmush tarziga odatlanishgan. Daraxtdagi uyda ikkita xona bo‘lib, ulardan biri erkaklarga, ikkinchisi ayollar va bolalarga mo‘ljallangan.

Erkaklar, asosan, ovchilik bilan shug‘ullanishadi. Ularning quroli, asosan, yog‘ochdan iborat. Shu sababli ham olimlar bronza asri korovai qabilasiga hali yetib kelmaganligini aytishadi. Metall buyumlar borligini ular hayollariga ham keltirishmaydi. Xo‘jalikda hayvonlarning suyaklaridan yasalgan pichoqlar ishlatiladi. Erkaklar, asosan, og‘ir ishlarni bajarishadi. Ular ovqat uchun daraxtlarni kesishadi, uy qurishadi, xonadonlarni qo‘riqlashadi va boshqa xo‘jalik ishlarini bajarishadi. Ularni yaxshi ovchi deb bo‘lmaydi. To‘g‘rirog‘i turli hashoratlari terib kun ko‘radi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chuqur qazib, u yerga yovvoyi hayvonlarni haydab borishadi-da, so‘ng ularni ovlashadi.

Mahalliy aborigenlarning odatiga ko‘ra, ular bo‘sh qoldi degunlaricha tamaki chekishadi. Mana shu sabab ularning umri uzoq bo‘lmasa kerak. Bolalar 5-6 yoshdan chekishga o‘rgatiladi. Ayollarning ham og‘zidan tamaki tutuni arimaydi.  Eng fojiali tomoni qabila a'zolarining o‘rtacha yoshi 30 yoshni tashkil qiladi. Shunda ham erkaklar ayollarga nisbatan oz umr kechiradi. Etnograf olimlarning aytishicha, ular asosan yoshlikda, ko‘p hollarda mastlikda vafot etishadi.

Korovai qabilasi a'zolari poyabzal nimaligini bilishmaydi. Ayollari qo‘lga tushgan narsalarni taqinchoq sifatida foydalanishadi. Tosh asrida yashovchi bu qabilaning dafn marosimi haqida yozishning o‘zi bir dahshat. Ananaga ko‘ra eridan ayrilgan ayol barmog‘ini, ayolidan ayrilgan erkak esa qulog‘ini kesadi. O‘z navbatida, beva qolgan ayol turmushga chiqadi. Shunday vaziyatlar bo‘lganki, birin ketin eridan ajralgan ayollar barmoqsiz qolgan. Murdani daraxt barglariga o‘rashadi-da, o‘rmonga tashlab ketaverishadi. Jasadlar yirtqich hayvonlarning yemishiga aylanadi. Qabilaning tili bor, ammo yozuvi yo‘q. Ularning biror bir dinga sig‘inishi ham mavhumligicha qolmoqda. Hattoki xalq tibbiyotidan ham bexabarligi bois o‘lim darajasi yuqori ko‘rsatkichlarga ega. 40 yoshga kirgan qabila a'zolarini keksa deyish mumkin. Ular o‘rmonda mavjud bo‘lgan barcha kasalliklarga chalinishadi. Oddiy kasallikdan o‘lib ketaverishadi.

Daraxt tepasidagi uyga bolalarni onasi yoki otasi olib chiqadi. Katta bo‘lgach bolalarning o‘zlari uyga chiqishi kerak. Vaqt o‘tishi bilan bu qabila a'zolari zamonaviy dunyo bilan asta-sekin muloqot qila boshladi. Shu sababli uylar ham pastroqqa qurilmoqda.

Korovai qabilasi issiq choy yoki qahva nimaligini bilishmaydi. Ular oddiy suvni ichishadi. Ularning hayot haqidagi qarashlari juda jo‘n. Qabila a'zolari o‘zlarini qurshab turgan daraxtlar va undagi uyni dunyo deb o‘ylashadi. Undan keyin esa “Katta O‘rmon” keladi. “Katta o‘rmon”dan keyin “Katta Suv”ga chiqiladi. Undan keyin esa “Marhumlar olami” keladi. “Yot kishilar”ni “Marhumlar olami” vakillari sifatida ko‘rishadi. Shu sababli Korovai qabilasi yot kishilardan hayiqib turishadi. Korovai ahli sayyoralar haqida mutlaqo tassavurga ega emas. Shuningdek, ular yil oylari, haftalari, kunlarini ham bilishmaydi. O‘zlarining, farzandlarining yoshi bilan aslo qiziqishmagan. 

80-yillardan boshlab hollandiyalik missionerlar ular bilan aloqa o‘rnata boshladi. 1983–1985 yillarda missionerlar ilk qishloqlarni barpo qildi. Biroq bu muammolarni keltirib chiqardi. O‘rmon ko‘chmanchilari va missionerlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Shu sababli bu hududlarga kirish taqiqlandi. Bugungi kunda mazkur taqiqlangan hududlarga borish uchun maxsus “surat yalan” - deb nomlanmish ruxsatnoma olinishi kerak. Korovai qabilasi, asosan, tashqi dunyodan kelgan sayyohlar bilan Indoneziya milliy valyutasida savdo-sotiq qiladi. To‘g‘rirog‘i AQSh dollarini olishmaydi. Chunki bu pul  bilan nima qilishlarnni bilishmaydi. Ular sayyohlarga tosh boltalarini, kamon yoylarini, dengiz chig‘anoqlarini, hayvonlarning tishlarini sotishadi. Ularni sanat asari deb bo‘lmasa-da sayyohlar xarid qilishadi.

Korovailarning kichik dunyosi oddiy sabablarga ko‘ra yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Chunki bu qabila a'zolari istiqomat qiladigan o‘rmonlarga asta-sekin  sivilizatsiya kirib  bormoqda.
                          
Sharofiddin To‘laganov