Obama AQSh hamisha urushlarda ishtirok etishi haqidagi gaplarga qo‘shilmasligini aytdi
AQSh prezidenti Barak Obama AQSh uning hukmronligi vaqtida hamisha urushlarda ishtirok etayotgani haqidagi gaplarga qo‘shilmasligini aytdi.
"Bugun bizning harbiy operatsiyalar (Iroq va Afg‘onistonda) men o‘z lavozimimga kirgandagi urushlardan tubdan farq qiladi", deb aytdi Obama Varshavadagi NATO sammitidan keyin berilgan matbuot-anjumanda.
Obama shu tariqa bir jurnalistning AQSh u boshchilik qilayotgan ikki prezidentlik muddati davomida urushlarda ishtirok etayotgan AQSh tarixidagi ikkinchi prezident bo‘lgani haqidagi gaplariga shunday javob berdi. Obama prezident lavozimiga kirgan 2009 yilda Iroq va Afg‘onistondagi urushlarni to‘xtatish istagi uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgandi.
Obama 8 yil avval bu davlatlarda 180 mingga yaqin amerikalik askar bo‘lgani, hozirda esa bu miqdordan kichik qismi qolganini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, Obama AQSh harbiylari hozirda boshqa vazifalarni bajarayotgani, ya'ni deyarli janglarda ishtirok etmay, maslahatchilar sifatida yordam ko‘rsatayotganini aytdi.
Obama jangovor harakatlar davlatlarga qarshi emas, balki terrorchilik guruhlariga qarshi olib borilayotganiga e'tiborni qaratdi.
"Davlatlar orasida avval qachondir bo‘lgandan ko‘ra urushlar kamaydi, katta davlatlar esa umuman urush olib bormayapti. Bu AQSh, Yevropa va Osiyo yetakchilarining Ikkinchi jahon urushidan keyingi buyuk merosidir. U mavjud va biz u bilan faxrlanib, uni saqlashimiz lozim", deb aytdi Obama.