Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FT: Venesuelaning och-nahor aholisi Kolumbiyadagi oziq-ovqat mahsulotlarini talab ketdi
Venesuelaning minglab och-nahor aholisi yegulik ilinjida Kolumbiyaga yo‘l oldi. Bu haqida Financial Times xabar qildi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 10 iyun kuni Venesuela hukumati Kolumbiya bilan chegarasini ochgan va atigi 14 soat ichida taxminan 35 ming venesuelalik chegaradan o‘tgan. Ular Kukuta shahrida o‘z mamlakatlarida kamnamo bo‘lgan yoki baland narxda sotiladigan mahsulotlar - guruch, o‘simlik yog‘i va makkajo‘xori unini talab ketishdi.
"Biz Kolumbiya chegarasidan o‘tayotganimizda, nihoyat Venesuelada bizga yetishmayotgan yegulik topa olishimizni o‘ylab, yig‘lab yuboray dedik", - deydi venesuelalik Omar Torres.
Kolumbiyalik amaldorlar agar Venesuela hukumati oziq-ovqat inqirozini yenga olmasa hamda qochqinlar oqimi Kolumbiyaga yopirilsa, ularning o‘z rejasi borligini ma'lum qilishdi.
"Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjud, mamlakatda aholining aksariyat qismi iste'mol qilishi uchun hech narsa qolmagan", - dedi Karakasdagi xalqaro inqiroz guruhining tahlilchisi Fil Ganson.
Venesuela rasmiy vakillari mamlakatdagi gumanitar inqirozni tan olishdan bosh tortishmoqda va mavjud muammolarda go‘yoki Vashingtonning qo‘llab-quvvatlashi ostida harakat qiladigan o‘ng muxolifatni ayblashmoqda.
Shuningdek Datanalisis tadqiqot markazining ma'lumotlariga ko‘ra, Venesuela poytaxtida joylashgan supermarketlarda asosiy mahsulotlarning 80 foizi yo‘q. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi valyuta nazorati va oziq-ovqat sanoatining milliylashtiruvi mahsulotlarni ishlab chiqarishga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.