Janubiy Koreya Toshkent xalqaro aeroportida yangi terminal quradi
2016 yilning 11 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Koreya Respublikasi hukumati o‘rtasida Toshkent shahri aeroportida yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini barpo etish uchun texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi bitimni amalga oshiruvchi verbal notalar almashildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar tarqatgan.
Diplomatik kanallar orqali notalar almashinilganidan so‘ng kuchga kirgan mazkur hujjat 2015 yilning 5 oktabrida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida imzolangan Muhokamalar bayonnomasi qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, bozor sharoitlarini tahlil qilish, infrastruktura talablari, yo‘lovchi va yuk aviatashuvlari ehtiyojlari hamda boshqa parametrlar asosida Toshkent aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini barpo etish rejasini ishlab chiqishni nazarda tutadi.