Iguainga 50 mln yevrolik maosh taklif qilgan jamoa nomi va unga futbolchining javobi ma'lum bo‘ldi
Italiya A Seriyasining o‘tgan mavsumida ikkinchi o‘rinni egallagan "Napoli" jamoasining argentinalik hujumchisi Gonsalo Iguainga Xitoyning "Xebey Forchun" jamoasidan yiliga 50 million yevrolik maosh to‘lashni nazarda tutuvchi shartnoma taklif qilingan. Ispaniyadagi Marca nashri ma'lumotiga ko‘ra, futbolchi bu taklifni rad qilgan.
Bundan oldinroq, futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun Fransiyaning "Pari Sen-Jyermen", Ispaniyaning "Atletiko" va Angliyaning "Arsenal" jamoalari o‘rtasida kurash boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi.
Xabarda aytilishicha, 28 yoshda bo‘lgan bu argentinalik futbolchi bu qadar katta miqdordagi maoshdan "29 yoshida raqobatbardosh ligada o‘ynashda davom etish" istagi tufayli voz kechgan. Agar Iguain xitoyliklarning taklifiga ko‘nganida, u dunyodagi eng ko‘p miqdordagi maosh oluvchi futbolchiga aylangan bo‘lardi.
"Xebey Forchun" fevral oyida Argentina terma jamoasining boshqa bir hujumchisi Esekel Lavessini "Pari Sen-Jyermen" jamoasidan sotib olgandi. Bu jamoa tarkibida Kot-d'Ivuar terma jamoasi hujumchisi Jyervino ham bor, u ham qishda Italiyaning "Roma" jamoasidan transfer qilingandi.
Manba: Tribuna.uz