Lenovo kompaniyasi Microsoft uchun serverlar yetkazib berishni boshlamoqda
OAVga Xitoyning Lenovo kompaniyasi Microsoft kompaniyasi ma'lumotlarni qayta ishlash markazlari uchun serverlar yetkazib beruvchi 5-kompaniya bo‘lgani ma'lum bo‘ldi.
DigiTimes nashrining ma'lum qilishicha, 2016 yil 3-choragida Lenovo Microsoft’ning ma'lumotlar markazlari uchun serverlar ishlab chiqarishni boshlaydi va qolgan 4 ta pudratchiga (Hewlett Packard Enterprise/HPE/, Dell, Quanta Computer va Wiwynn) qo‘shiladi. Lenovo serverlarining bosh platalarini Quanta kompaniyasi yetkazib beradi.
Manbaning ta'kidlashicha, Microsoft o‘zining ma'lumotlar markazlariga serverlar yetkazib berilishi jarayonlarini – muhim komponentlarning sotib olinishidan to bevosita yig‘ishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qattiq nazorat qiladi. HPE, Dell va Lenovo asosan mahsulotning yakuniy yig‘ilishiga javob beradi.
Microsoft buyurtmalari Lenovo’ga o‘zining xalqaro server biznesini mustahkamlashga va shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan mahsulotlardan oladigan daromadlarini oshirishga yordam beradi. Ayni vaqtda shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqarish kompaniyaga 70 foiz daromadini keltiradi.