Vetnamda sayyoramizning eng keksa ayoli 123 yoshida vafot etdi
Sayyoramizning eng keksa ayoli hisoblangan 123 yoshli Nguyen Txi Chu ismli ayol Vetnamning Xoshimin shahrida vafot etdi.
"Uzoq umr ko‘ruvchi Nguyen Txi Chu seshanba kuni kechasi vafot etdi", deb ma'lum qildi ayol yashaydigan Binchan tumani rahbariyati.
Nguyen Txi Chu 2015 yilda rasman sayyoramizning eng keksa ayoli deb tan olingan, buni Jahon rekordlari akademiyasi (WRA) ham tasdiqlagan. Chuning shaxsini bildiruvchi guvohnomasida u 1893 yilning 4 mayida tug‘ilgani ko‘rsatilgan. Momo keksa yoshiga qaramasdan hayotining so‘nggi kunlarigacha ajoyib jismoniy holatda bo‘lgan va keksalik kasalliklaridan aziyat chekmagan. U biror marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan va hech qachon shifokorlarga murojaat qilmagan.
Nguyen Txi Chu uzoq umri davomida 11 farzand ko‘rgan. Ulardan hozirda ikki nafarigina hayot bo‘lib, momoning nabiralari, evara-chevaralari soni esa yuzdan oshib ketgan.
2011 yilda Vetnamning "Vetnam rekordlari" tashkiloti momoni mamlakatning eng keksa fuqarosi deb tan olgan. 4 yil o‘tib WRA momoga dunyoning eng keksa ayoli unvonini bergach, uning ulug‘ yoshi xalqaro darajada tan olingan.