Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fergyuson: «Har bir avlodning alohida futbolchisi bo‘ladi. Hozirgi avlodda bu Ronaldu»
«Manchester Yunayted» jamoasining sobiq bosh murabbiyi Aleks Fergyuson «Real» hujumchisi, Portugaliya terma jamoasi safida Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan Krishtianu Ronaldu haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Futbol – Ronalduning ehtiroslari bilan uyg‘unlashadi. U har bir mashg‘ulotni sabrsizlik bilan kutadi. U hamisha hammadan zo‘rligini isbotlashga, hamisha g‘alaba qozonishga intiladi. U katta o‘yinlarni jonidan ortiq ko‘radi.
Men va Ronaldu «MYu»daligimizda u o‘zining tinimsiz shug‘ullanishi orqali rivojlanib bordi. U hamisha zarba berish texnikasi ustida ishlar, o‘ng oyoqda, chap oyoqda va boshida zarbalar yo‘llar edi.
Bugungi atletizm, tezkorlik birinchi o‘rinda bo‘lgan zamonaviy futbolda u o‘zining o‘yinini naqadar rivojlantirganiga qarab faqat hayratlanish mumkin.
Odatda futbolchilar o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini 5-6 yil davomida namoyish qilishadi. Keyin esa to‘xtashadi. Ronaldu esa 10 yil davomida barqaror darajada o‘ynab kelmoqda.
Har bir avlodning alohida futbolchisi bo‘ladi. Hozirgi avlodda bu Ronaldu», – deya Fergyusonning so‘zlarini keltiradi Goal.com nashri Bild nashriga asoslanib.
Manba: Tribuna.uz