Sport | 14:30 / 14.07.2016
5168
2 daqiqa o‘qiladi

«Zenit» stadioni qurilishi bosh pudratchisi obektni reyderlar egallab olishga uringani haqida ma'lum qildi

Sankt-Peterburg shahridagi «Zenit» jamoasi uchun yangi stadion qurish bilan shug‘ullanayotgan bosh pudratchi vakili «Injtransstroy-Spb» kompaniyasi obektni bosib olish uchun reyderlar tomonidan urinish sodir bo‘lgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda 14 iyul kuni «R-Sport» xabar tarqatdi.

«13 iyul kuni stadion qurilishida ishtirok etayotgan bir qancha subbirlashmalar, "Leokam", "Elprom", "Upravleniye stroitelstva 620" nomli kompaniyalari xodimlari qurilish ishlarini barbod qilishga harakat qildi. Yuk mashinalari yo‘llarni to‘sib oldi va isyonchilarning yetakchilari ishchilarning ish joylariga borishiga to‘sqinlik qildi», — degan u.

Bosh pudratchining qo‘shimcha qilishicha, politsiya xodimlari va prokuratura vakillari voqea joyiga yetib kelib, vaziyatni nazorat ostiga olishgan. «Injtransstroy-Spb» tomonidan bildirilishicha, shahar ma'muriyati stadiondagi vaziyat bo‘yicha zarur choralarni qo‘llashga shoshilmagan.

Bundan oldinroq, «Injtransstroy-Spb» Sankt-Peterburg shahri ma'muriyatini stadion qurilishi ishlarini kechiktirishga urinishda ayblagandi va bir qator e'tirozlarini bildirgandi.

Stadionning qurilish ishlari 2016 yilning dekabriga mo‘ljallangan. Arena o‘z bag‘riga 68 ming kishini sig‘dirishi, sport marosimlari vaqtida stadion sig‘imi 80 ming kishiga yetkazilishi nazarda tutilgan. 

«Krestovskiy» nomli bu stadion 2017 yili Konfederatsiyalar Kubogi va 2018 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini qabul qilishi kerak.

«Krestovskiy» stadioni quruvchilari ish tashlash o‘tkazgan hudud OMON tomonidan o‘rab olindi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish