20:09 / 15.07.2016
8095

Ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni qayta topshirganlarga mukofot e'lon qilindi

Google image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 21 sentabrda «Simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslarini to‘plash va ularni utilizatsiya qilishni tashkil etish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilinib, unga muvofiq o‘tgan davrda ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni to‘plash va ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha tizimning yaratilishi ta'minlandi. Joriy yilning 28 iyunida mazkur qarorga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi ishlatib bo‘lingan yoki foydalanish uchun yaroqsiz simobli lampalarni to‘plash, utilizatsiya qilishni tashkil etish, shuningdek, atrof-muhitni simob bilan ifloslanishdan muhofaza qilish ishlarini takomillashtirish imkonini yaratdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda. 

Yangi tartibga muvofiq, lyuminessent lampalarni qayta ishlashga topshirgan aholi uchun chegirma miqdori 5 foizdan 10 foizga qadar oshirildi. Ya'ni, ishlatib bo‘lingan simobli lampalarni (ishlab chiqaruvchi korxonadan qat'i nazar) qaytargan odam mamlakatimizda ishlab chiqarilgan energiyani tejaydigan yangi lampani 10 foiz pastroq narxda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu paytga qadar bu turdagi chiqindilarni to‘plashda maxsus idishlardan foydalanilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayonda lampalarni shikastlamaydigan va ulardagi simobli moddalarning havoga chiqishi, suv manbalari, tuproq va oziq-ovqat mahsulotlariga tushishining oldini oluvchi maxsus o‘rnatilgan konteynerlardan foydalanish tartibi joriy qilindi.

Simobli lampalarni aholiga savdo shoxobchalari, shuningdek, firma do‘konlari, ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchi korxonalarning vakolatxonalarida sotadigan tadbirkorlik sub'yektlari simobli lampalarning ishlatilib bo‘lgan resurslarini qabul qilib olishga majbur.

Top