O‘zbekiston | 18:03 / 15.07.2016
10793
1 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov Nitstsa terakti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Foto: fb.com/gendarmerienationale

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Fransiya Respubikasi Prezidenti Fransua Ollandga 2016 yilning 14 iyul kuni Nitstsa shahrida sodir etilgan terakt munosabati bilan samimiy hamdardlik izhor etdi.

"O‘zbekiston rahbari o‘z maktubida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani haqidagi fojiaviy xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganligini qayd etdi, qurbon bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamda jarohatlaganlarga hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi", deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

14 iyul kuni kechqurun Bastiliya olingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan Milliy bayram vaqtida Nitstsa shahridagi Ingliz qirg‘og‘ida to‘plangan odamlar ustiga terrorchi tomonidan yuk mashinasi haydab borilishi oqibatida 84 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, ayni vaqtda jarohatlangan 18 kishi shifoxonada qolmoqda.