Peres Xamesni sotish masalasida Zidan bilan kelisha olmayapti
Peres Xamesni «Real»da olib qolmoqchi, Zidan esa uning ketishiga qarshi emas.
«Real» prezidenti Florentino Peres va jamoa bosh murabbiyi Zinedin Zidan kolumbiyalik yarim himoyachi Xames Rodrigesning kelajagi borasida umumiy fikrga kela olmayapti», deyiladi AS xabarida.
Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, Zidan 25 yoshli futbolchining o‘yinlaridan qoniqish bildirmayapti va uni sotuvga qo‘ymoqchi. Peres esa Xamesga yana imkoniyat berish kerak deb hisoblamoqda. Prezidentning fikricha, jamoada kolumbiyalik futbolchining bo‘lishi «Real»ning Janubiy Amerikadagi obro‘sini ta'minlaydi va bu klubning moliyaviy holatida aks etadi.
Bundan oldinroq «Real» Xames uchun 80 mln yevro to‘lashga tayyor jamoa topilsa, uni qo‘yib yuborishga tayyorligi haqida xabar qilingandi. Futbolchini o‘z safida ko‘rishni istagan jamoalar qatorida «PSJ» bor.
Futbolchining o‘zi yakuniy qarorni kutmoqda va kerak bo‘lsa boshqa klubga o‘tishga tayyor.
O‘tgan mavsumda Rodriges Ispaniya chempionatining 26 uchrashuvida maydonga tushdi (shundan 17tasi asosiy tarkibda) va 7 gol urib, 8 marta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Manba: Tribuna.uz