Terrorizm! Bolalarga tegma! (She'r)
Nitstsada 14 iyul kuni kechqurun yuz bergan fojia 84 kishini hayotdan olib ketdi. Terakt tufayli jabrlangan holda shifoxonalarga yotqizilganlarning 50 nafari hayot uchun kurashmoqda. Fransiya prezidenti Fransua Olland halok bo‘lganlar orasida bolalar borligini ma'lum qildi.
TeRRORIZM!
BOLALARGA TeGMA!
Terrorizm!
To‘xta, bo‘ldi, bas,
To‘kma buncha inson qonini.
Olsin bir zum xotirjam nafas,
Tinch o‘tkazsin xushnud onini.
To zaminga separsan qo‘rquv,
Sitam qo‘shib g‘amu kulfatga.
Qilmishingdan seskanar qayg‘u,
Hatto dahshat tushar dahshatga.
Na odamsan, na sirli sharpa,
Yonar, portlar izing tekkan joy.
Berkinarsan oson har safar
Sen bir ko‘zli Dajjol, hoynahoy.
Buzar, aldar, qo‘rqitar biroq
O‘ldirmaydi odamni iblis.
Sen — qotilsan, qo‘lingda pichoq,
Sen — odamxo‘r, yovuz yalmog‘iz.
Paydodursan tayyoragohda,
Masjidda ham bozorda alhol.
Yonginamdan o‘tib shu chog‘da
Bomba qo‘yib ketding ehtimol.
Shomu Iroq, Turk ila Farang,
Turar bugun boshi xam, muztar.
Qachon tugar bu yeryutkur jang,
Qachon tinchlik bo‘lar muzaffar?
Bu ne holat, bu ne manzara?
Unutmoqda kulishni odam.
Nahot o‘lim bo‘lsa masxara,
Nahot shunda lazzat mujassam?
To‘yda motam tutmoqda Nitstsa,
Jafo qildi sen mingan ulov.
Ne-ne orzularni beg‘ussa,
O‘tding bosib, yanchib beayov.
Marhumlarning qonu yoshiga,
Yuvildi-ku, huv sho‘rlik yo‘lak.
Qo‘g‘irchog‘i yig‘lar boshida
Jonsiz yotar begunoh go‘dak.
Garchi senda yo‘q rahmu shafqat,
Garchi dodu faryodlar bekor.
Bordir bitta o‘tinchim faqat —
Bolalarga tegma, nobakor.
Bolalarga ko‘rsatma mushting,
Axir ular — umid yulduzi.
Koshki, qolsang qo‘limga tushib,
Qo‘yar edim turqingni buzib.
Terrorizm!
Niqobingni yech,
Toptalmasin Muqaddas Islom.
Ulug‘ zotlar ruhini qo‘y tinch,
Sajdagohlar bo‘lmasin harom.
Qilolmassan mo‘minni kulki,
Sololmassan chehrasiga dog‘.
Men terrochi emasman, chunki,
Musulmonman, alhamdilulloh!
Sen na yahud, sen na nasoro,
Inson tuban bo‘lmas bu qadar.
Bor senga ham atalgan balo
Jinoyatga jazo muqarrar.
To hayotga talpinar yurak,
Toki quyosh nur sochar porloq.
To bolalar bor ekan, demak,
Senga joy yo‘q zaminda mutloq!
15.07.2016
Zohidjon Olov