Toshkentda boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchilarining forumi tashkil etildi
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Boshlang‘ich ta'limni modernizatsiyalash orqali o‘quv-tarbiya jarayoni sifati va samaradorligini oshirish” mavzusida boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchilarining forumi tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan ilg‘or boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur forum quyidagi to‘rtta yo‘nalishlarda ish olib bordi:
1-yo‘nalish: Boshlang‘ich ta'lim jarayoniga yangi avlod darslik majmualari va zamonaviy axborot-texnologiyalarini joriy etish: muammo va yechimlar,
2-yo‘nalish: Boshlang‘ich ta'limda chet tili va boshqa tillarni o‘qitishning innovatsion texnologiyalari,
3-yo‘nalish: Barkamol avlodni ma'naviy yetuk qilib tarbiyalashda boshlang‘ich ta'limning o‘rni,
4-yo‘nalish: Boshlang‘ich ta'lim tizimi pedagog kadrlarining kasbiy kompetensiyalarini oshirish hamda ta'limni modernizatsiya qilishda ularning pedagogik mahoratlarini shakllantirish masalalari.
Forumda chet tili o‘qituvchilarining bu boradagi malakasini oshirish, nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish, maktabda, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda chet tillarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish zarurligi ta'kidlandi. Ushbu masalalarning ilmiy-amaliy yechimlariga bag‘ishlangan ma'ruzalar tinglandi. Chet tillarni o‘qitishni takomillashtirish borasidagi vazifalar belgilab olindi.