O‘zbekiston | 21:24 / 15.07.2016
5759
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bank kreditlarining 80 foizi uzoq muddatli kreditlarga to‘g‘ri keldi

2016 yil 15 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama qilindi va respublika Hukumatining joriy yil 15 yanvardagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Moliya-bank tizimi barqarorligini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar banklar jami kapitalining 23,3 foizga va depozitlarning 27,7 foizga o‘sishini ta'minladi, bu iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining 26,2 foizga ko‘payishiga ko‘maklashdi. Barcha bank kreditlarining qariyb 80 foizi investitsiya maqsadlariga berilgan uzoq muddatli kreditlardir. 

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va optimallashtirish dasturiy chora-tadbirlarini faol amalga oshirish davom ettirildi. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga davlat buyurtmasi joriy etildi. G‘o‘za maydonlari qisqartirildi, bo‘shagan maydonlarga meva-sabzavot ekinlari ekildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizga ko‘paydi. 

Ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli yil boshidan buyon 462,5 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ularning 276,7 mingtasi yoki 59,8 foizi qishloq joylardadir.