O‘zbekiston | 22:20 / 15.07.2016
6000
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari 1,5 baravarga oshdi

2016 yil 15 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama qilindi va respublika Hukumatining joriy yil 15 yanvardagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Qayd etib o‘tildiki, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmlarini 11,8 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni 17,2 foizga ko‘paytirish ta'minlandi. Jami qiymati 1,9 milliard AQSh dollari bo‘lgan 43 ta ishlab chiqarish obektlari foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 3,4 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 72 ta yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari 1,5 baravarga oshishi ta'minlandi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi mobaynida xususiy mulkka qariyb 267,5 milliard so‘m miqdorida investitsiya majburiyatlari qabul qilgan holda 305 ta davlat aktivlari sotildi. O‘tgan davrda xorijiy investorlarga 30 ta aksiyadorlik jamiyatidagi ulushlar sotildi. Ustav fondlarida davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari soni 2015 yilning shu davridagi 374 ta o‘rniga 202 tagacha qisqardi.