Iqtisodiyot | 21:05 / 15.07.2016
8483
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda joriy yil birinchi yarmida YaIM hajmi 7,8 foizga o‘sdi

2016 yil 15 iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama qilindi va respublika Hukumatining joriy yil 15 yanvardagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan qarorida qayd etilganidek, ushbu yillarda milliy iqtisodiyot qariyb 6 baravarga o‘sdi. O‘zbekistonning g‘alla, yoqilg‘i-energetika va transport-kommunikatsiya mustaqilligiga erishildi. Sanoatning iqtisodiyotdagi ulushi 34 foizga, tayyor mahsulotlarning eksport tarkibidagi salmog‘i 70 foizdan ziyod oshdi. Iste'mol tovarlari hajmi aholi jon boshi hisobiga 7 baravarga, real daromadlar 12 baravardan ortiq ko‘paydi. Davlat byudjyetining 60 foizidan yuqorisi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Iqtisodiyotni isloh qilishni, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga o‘sishini ta'minladi. Sanoat hajmlari 6,7 foizga o‘sdi. Qurilish ishlari hajmi 17,5 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 12,9 foizga ko‘paydi. Davlat byudjyeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.