Jahon | 09:24 / 17.07.2016
5547
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonning Kashmiridagi tartibsizliklarda 3 mingdan ko‘proq odam jabr ko‘rdi

Google image

Hindistonning Jammu va Kashmir shtatining bir nechta shimoliy tumanlarida 16 iyulda ayirmachilar tarafdorlari hamda huquq-tartibot muassasalari xodimlari o‘rtasida bir nechta to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda IANS axborot agentligiga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, 16 iyuldagi to‘qnashuvlar qurbonlari soni 42 ga yetgan, 3 mingdan ko‘proq odam jabr ko‘rgan.

Jabrlanganlarning katta sondaligi huquq-tartibot muassasalari norozilarni tinchlantirish uchun pnevmatik qurol ishlatgani bilan tushuntirilmoqda. Bu holat hind jamiyatida bahs keltirib chiqardi, chunki rezina o‘qning ko‘zga tegishi oqibatida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganlar yoki yo‘qotish mumkinligi haqida ko‘plab ma'lumotlar kelib tushmoqda. 

Shtatning 10 ta okrugida komendantlik soati saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, politsiya bir qator bosma nashrlarda reyd o‘tkazgan. Reydlar davomida bosma qurilmalari va gazeta nusxalari musodara qilingan. Bu haqda  Greater Kashmir, Kashmir Observer, Rising Kashmir nashrlari xabar bergan. 

Greater Kashmir nashri uch xodimi hibsga olinganini ma'lum qilgan. 

Ommaviy noroziliklar, xavfsizlik kuchlari xodimlariga hujumlar Hindistonda terrorchilik guruhi deb tan olingan "Hizb-ul-Mujohidin" guruhining 21 yoshli faoli Burhon Muzaffar Vaniy bartaraf etilganidan keyin boshlangan.

Aholisining ko‘pchiligi musulmonlarni tashkil qiladigan mamlakatdagi yagona shtat Jammu va Kashmirda shtatning Pokistonga qo‘shilishi tarafdori bo‘lgan ayirmachilar harakat qiladi. Kashmirda Hindiston va Pokiston o‘rtasida rasmiy chegara yo‘q – ikki davlat armiyasini nazorat chizig‘igina ajratib turadi.