Jahon | 17:30 / 17.07.2016
4395
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya hukumati investorlarni mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlikka ishontirmoqda

Foto: Reuters

Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Mehmet Shimshek xorijiy investorlar mamlakatda bo‘lib o‘tgan davlat to‘ntarishiga urinishning yomon oqibatlaridan tashvishga tushishiga hojat yo‘qligini ma'lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat markaziy bank va boshqa moliya muassasalari bilan maslahatlashuvdan keyin "barcha zarur choralar"ni ko‘radi.

Vazir o‘rinbosari aynan qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritmagan, lekin u mamlakatda siyosiy barqarorlik o‘rnatilgani va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ham joyidagini bildirgan.

17 iyul kuni Shimshek xorijiy investorlar bilan teleko‘prik orqali muloqot qilishni rejalashtirgan.

Turkiya harbiylari 15 iyul kuni kechqurun Bosfor bo‘g‘ozi orqali harakatni to‘sib qo‘yishdi va Anqara hamda Istanbul shaharlariga tanklar bilan kirib, davlat to‘ntarishi haqida e'lon qilishdi.

16 iyul tongida fitna bostirildi, to‘qnashuvlar davomida 265 kishi halok bo‘ldi.

Hozirda fitnaga aloqadorlikda gumon qilingan harbiylarni hibsga olish ishlari davom etmoqda, ayni vaqtda ularning soni 6000 nafarga yetgan.