NIPA prezidenti Toshkent shahridagi Inha universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi
2016 yilning 15 iyul kuni Koreya Respublikasining Axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Milliy agentligi (NIPA) Prezidenti Yun Jong Lok Toshkent shahridagi Inha universitetiga (IUT) tashrif buyurdi. Bu haqda Toshkent Inha universiteti matbuot xizmati xabar bermoqda.
NIPA Prezidenti Yun Jong Lok 13-15 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tgan Erkin va ochiq dasturiy ta'minot masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sherzod Shermatov mehmonni qutladi va Janubiy Koreya universitetining xorijdagi ilk filiali faoliyati bilan mehmonni tanishtirdi.
Jumladan, universitet hozirda “Kompyuter injiniring” va “Dasturiy injiniring”, hamda yangi “Logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlayotganligini aytdi.
Uchrashuv so‘nggida NIPA prezidenti Yun Jong Lok universitet tashriflar kitobiga o‘zining samimiy tilak va istaklarini yozib qoldirdi.