Raneri Konte, Mourino va Gvardiola haqidagi fikrlarini bildirdi
O‘tgan mavsumda "Lester" bilan Angliya chempioni bo‘lgan Klaudio Raneri "Chelsi", "Manchester Yunayted" va "Manchester Siti" jamoalarida yangi bosh murabbiylar tayinlanganiga munosabatini bildirib o‘tdi. U xususan "qizil iblislar" jamoasiga Joze Mourino bosh murabbiy bo‘lgani borasida to‘xtalib, u ser Aleks Fergyuson kabi katta muvaffaqiyat qozonishi mumkinligini bashorat qilgan.
"Konte va "Chelsi" bir-biri uchun yaratilgandek. Muhimi unga yangi jamoasini tuzishda xalaqit bermasliklari kerak. Agar barcha unga quloq solsa, biz italyancha o‘ynaydigan "Chelsi"ni ko‘rishimiz mumkin.
Mourino yangi Fergyusonga aylanishi mumkin. U "Manchester Yunayted"da 26 yil ishlamasligi aniq, lekin u bu jamoada o‘z izini qoldirishi ham tayin. Bizning revanshimiz 7 avgustda bo‘ladimi? Chiroyli o‘yin bo‘ladi. Bu sport tarixi shunday go‘zal voqealardan iborat.
Gvardiola haqida nima deyishim mumkin? U endi o‘z joyini topdi. "Manchester Siti" chiroyli o‘yin ko‘rsatadi, bu jamoani avval Manchini, keyin Pellegrini boshqargan va futbolchilarni chiroyli futbol o‘ynashga o‘rgatgan", - dedi Raneri La Gazzetta dello Sport nashri uchun bergan intervyusida.
Manba: Tribuna.uz