O‘zbekiston TIV Fransiyaga 14 iyul kungi terakt munosabati bilan hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Fransiyaga 14 iyul kungi terakt munosabati bilan hamdardlik bildirdi. TIV saytida ma'lum qilinishicha, bugun Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasiga tashrif amalga oshirilgan.
"2016 yilning 18 iyul kuni Toshkent shahridagi Fransiya Respublikasi Elchixonasida 14 iyulda Nitstsa shahrida ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelgan terrorchilik xuruji munosabati bilan ochilgan Hamdardlik kitobiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi nomidan qayd kiritildi va qurbon bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlari izhor etildi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.
14 iyul kuni kechqurun Bastiliya olingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan Milliy bayram vaqtida Nitstsa shahridagi Ingliz qirg‘og‘ida to‘plangan odamlar ustiga terrorchi tomonidan yuk mashinasi haydab borilishi oqibatida 84 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, ayni vaqtda jarohatlangan 18 kishi shifoxonada qolmoqda.