BMT Turkiyani o‘lim jazosini qaytarmaslikka chaqirdi
BMT Turkiyani mamlakatda davlat to‘ntaruviga urinish amalga oshirilgandan keyin o‘lim jazosini qo‘llashga qaytmaslikka chaqirdi. Jurnalistlarga BMT bosh kotibi rasmiy vakili Farxon Haqning aytishicha, BMT o‘lim jazosidan voz kechgan mamlakatlar yana unga qaytmasliklarini afzal ko‘radi.
"Biz o‘lim jazosini bekor qilgan mamlakatlar yana uni kiritmasliklarini afzal bilishimizni aniq bildirganmiz. O‘lim jazosiga taqiqlov amal qiladigan mamlakatlarda bu taqiqlov saqlanib qolishini istaymiz", deb aytdi Haq.
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat harbiy to‘ntaruvga urinish ishtirokchilari uchun o‘lim jazosini kiritishni ortga sura olmasligini aytdi. U bu masala muholifat bilan muhokama qilinishini aytib o‘tgan.
Yevropalik siyosatchilar Turkiyada o‘lim jazosining kiritilishi uning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha muzokaralarning tugashini anglatishini aytishgan. Turkiyada o‘lim jazosi 2004 yilda Yevropa Ittifoqiga kirishga qaratilgan islohotlar doirasida bekor qilingandi.
2007 yilda BMT Bosh assambleyasi o‘lim jazosiga yalpi taqiqlovni kiritishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgan. O‘shandan beri bir qator davlatlar, jumladan Argentina, Burundi, Gabon, Latviya, Togo va O‘zbekiston o‘lim jazosidan voz kechgan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, tashkilotga a'zo 193 davlatdan 150 dan ko‘pi o‘lim jazosini bekor qilgan yoki uni hech qachon qo‘llamagan. Ayni vaqtda jinoyatchilarga qarshi o‘lim jazosi qo‘llanadigan yirik davlat AQSh bo‘lib qolmoqda.